Bolaligimizda bog‘chaga“boy buva”ning bolalari borardi
Bundan 30 yil avval qishlog‘imizda bir kishidagina “Moskvich” avtomashinasi bo‘lardi. Biz, bolalar uni Navkatning eng boy odami derdik.
Mashinasi bor amaki qishlog‘imizning eng oqibatlisi edi. To‘ylarda kelin-kuyovning “ZAGS”i, janoza bo‘lsa xabarchi vazifasida xizmat qilardi.
Shu “Moskvich” qo‘ni-qo‘shnilar uchun “tez yordam” mashinasi ham edi. Esimizni tanib qishloqdan tuman markaziga chiqmagunimizcha, erta tongda va kech payti bir marta kelib-ketadigan sariq avtobus va to‘y bo‘lsa qudalarni olib keladigan “bortovoy” mashinadan boshqa texnikani ko‘rmaganmiz.
Mashinasi bor “boy buva” tuman markazidagi qaysidir bir nufuzli tashkilotda ishlardi. Uning bolalariga maza edi. Sababi, otasining mashinasida biz uchun orzu bo‘lgan bog‘chaga qatnardi. Ularning aytishlaricha, bog‘cha - chiroyli gulzorlari, o‘yin maydonchalari, turli arg‘imchoqlari, cho‘milish havzasi va boshqa ko‘pgina qulayliklarga ega dam olish maskani, “yasli opa”si esa tush paytida uxlatishini hisobga olmaganda juda mehribon, shirinso‘z, aqlli, dunyodagi eng bilimdon ayol ekan. Biz u yerga piyoda bo‘lsa ham borishni rosa istardik. Ammo uyimizdan 10 kilometr uzoq masofada joylashgani uchun kattalar ruxsat berishmasdi.
Bog‘chaga bormagan bolalarga qo‘y-qo‘zilar ichishi uchun suv to‘ldirilgan lagan - cho‘milish havzasi, sigir arqonining ikki uchini daraxt shoxiga bog‘lab yasalgan qo‘lbola halinchak eng zo‘r arg‘imchoq hisoblanardi.
Qishloqda 2 ta maktab bor edi. Ikkalasi ham paxsadevorli binolarda faoliyat ko‘rsatardi. Shu maktablardan birida bor imkoniyatlardan foydalanib ta’lim oldik.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, qishlog‘imizda ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bera boshladi. Maktablar yangilandi, sharoitlar yaratildi, asosiysi, aholining turmush farovonligi yaxshilandi.
Bugungi kunda qishloqda ham shahardagidan qolishmaydigan zamonaviy binolar qad ko‘targan. Deyarli har ikki hovlida avtomobil. To‘g‘ri, shu paytgacha ham qishlog‘imizda davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ochilmagan, ammo 3 ta oilaviy bog‘cha faoliyat boshladi. Ota-onalar farzandlarini tuman markazidagi bog‘chalarga ham berishga imkoniyat yetarli. Transport masalasida umuman muammo yo‘q. Ostona hatlab ko‘chaga chiqsangiz mashina tayyor.
Bunday qulayliklardan foydalanishni hammaning ham cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Lekin har bir ota-ona bolasining bog‘chada tarbiyalanishini istaydi. Yaqinda ko‘pchilikni qiynab kelayotgan ana shu masalaga ham yechim topildi. Qo‘shni mahalladagi zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotiga “Aqlvoy” nomli zamonaviy avtobus berildi. U endi qishlog‘imizdagi 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan, bog‘chaga qatnamaydigan bolalarni yig‘ib, ularga qirlar orasida barpo etilgan o‘yin maydonchasi yonida mobil bog‘cha xizmatini ko‘rsatadi.
Dilnoza Hasanova,
Qo‘shrabot tumani.