Bog‘cha ishchilarining 114 milliondan ortiq to‘lanmagan ish haqi undiriladigan bo‘ldi

Toyloq tumanidagi 21-DMTT ishchisi Z.X. va 13 nafar ishchilar bir yillik ish haqlarini to‘lanmagani bo‘yicha tuman adliya bo‘limiga murojaat qilishgan.

Murojaat o‘rganilganida holat o‘z tasdig‘ini topgan.

Ma’lum qilinicha, bog‘cha binosi ta’mirtalab va yaroqsiz holga kelganligi sababli 2020 yil davomida muassasa faoliyat yuritmagan. Buning oqibatida muassasaning 14 nafar xodimlariga faoliyat ko‘rsatmagan davr uchun maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbariyati to‘lanishi lozim bo‘lgan jami 114 174 858 so‘mlik ish haqini to‘lamagan. Xususan, fuqaro Z.X.ga 8 537 401 so‘m ish haqi to‘lanmagan.

Amaldagi Mehnat kodeksining 244-moddasida ish beruvchining o‘z moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq to‘lashni amalga oshirish majburiyatini mustahkamlash, ish haqini to‘lash tartibi va muddatlariga doir talablarni tartibga solish hamda xodimlarga ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash majburiyati belgilab qo‘yilgan.

Adliya bo‘limi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgan hamda sudning qarori bilan muassasa mas’ullari fuqaro Z.X. va 13 nafar ishchining 114 174 858 so‘mlik ish haqini to‘lash majburiyatini olgan.