Bugungi bog‘chalar kechagi emas - ularda ta’lim-tarbiya sifati oshmoqda

Bir paytlar bog‘chalarga e’tibor ancha susaygandi. “Qo‘y, bolam. Shu bog‘chaga borib nima qilasan? Bog‘cha opalaring uxlatishdan boshqa narsani bilmaydi”, deyishardi. Lekin bugun tizimda o‘zgarishlar katta.

Qaysi bog‘chaga borsangiz, turnaqator navbat.

- Opajon farzandimni bog‘chaga olmasangiz bo‘lmaydi. Uyda har kuni janjal. Qo‘shnining qizi bog‘chaga boradi-yu, nega men bormas ekanman? Bir ilojini qiling, xizmatdamiz.

- Aka buning iloji yo‘q. Muassasamiz o‘zi 80 o‘rinli. Oldingiday istalgancha bolani olishga haqimiz yo‘q. Navbatga qo‘yishga majbursiz.

Bu kabi suhbatlar bugun tez-tez quloqqa chalinyapti. Ota-onalarning ham farzandining ilk ta’lim olishini istayotganlari talaygina.

Xo‘sh, bugun Payariq tumani maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ahvol qanday? Bog‘chalar ota-onalar o‘ylaganidek talab darajasidami? Shu kabi savollar bilan tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Ne’mat Zoirovga murojaat qildik.

- Farzandlarimizning sog‘lom va barkamol voyaga yetishi uchun ilk ta’lim muassasalari, ya’ni bog‘chalarning ahamiyati katta, - deydi N.Zoirov. - Bugun maktabgacha ta’lim muassasalarimiz o‘zgacha qiyofa kasb etgan. Ularning barchasida bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. Tarbiyachilar ham bor e’tiborini bolalarning o‘qib-o‘rganishiga, ta’lim-tarbiya olishiga qaratmoqda. Shuning uchun ta’lim maskanlariga qiziqish yildan-yilga ortib bormoqda.

Tumanimizda 47 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Oilaviy nodavlat MTTlar soni 116 taga yetdi. Bundan tashqari, 8 ta davlat-xususiy sheriklik asosida, 2 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham bor. Joriy yil oxirigacha yana 3 ta bog‘cha investitsiya dasturi asosida qurilib foydalanishga topshiriladi.

Ushbu muassasalarda 10 ming nafardan ziyod bolajonlar ta’lim-tarbiya olishmoqda. Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning bog‘chalarga qamrovi 53,4 foizni tashkil etyapti.

Bugungi bog‘chalarimiz kechagidek emas. Bola bog‘chaga kelsa bo‘ldi, buyog‘i bir gap bo‘lar qabilida ish tutish yo‘q. Tarbiyachilar zimmasida kichkintoylar qalbida kitobga mehr-muhabbat uyg‘otish, mutolaaga qiziqtirish, insoniy fazilatlarni shakllantirish, ularni ham jismoniy, ham aqliy rivojlantirishdek mas’uliyat turibdi.

Shu bois bog‘cha xodimlari o‘rtasida “Kimning bog‘chasi chiroyli yoki sarishta”, “Eng pazanda oshpazlar”, “Men bog‘chada ishlashdan g‘ururlanaman” kabi mavzularda ko‘rik-tanlovlar tashkil etyapmiz.

Husniddin XOLDOROV,

Shirinboy MAMADALIYeV.