Uch yilda 421 nafar fuqaro is gazidan halok bo‘ldi

2020–2022 yillar va 2023 yilning 9 oyi davomida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 245 ta noxush holat yuz bergani oqibatida 200 nafar fuqaro jarohatlangan, 421 nafari halok bo‘lgan.

Achinarlisi, bu kabi fojialar yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Kuni kecha ham Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida is gazidan zaharlanish oqibatida 3 nafar fuqaro, ya’ni 53 yoshli ayol va uning 9 va 3 yoshli nabiralari vafot etgan.

Senatorlar tomonidan bunday holatlarga ushbu sohada hali ham qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligi sabab bo‘layotgani aytib o‘tildi.

Xususan, yakka tartibdagi uy-joylar, ko‘p qavatli uylarda o‘rnatilgan gazda va qattiq yoqilg‘i yoki neft mahsulotlarida ishlovchi aksariyat qurilmalarning dudburon va shamollatish kanallari soz holatda emas. Ular sifatli tozalanmagan va belgilangan muddatlarda texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan. Shuningdek, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardagi dudburon va shamollatish kanallari amaldagi qurilish me’yorlariga zid ravishda o‘rnatilmoqda.