Chumchuqlida is gazidan zaharlanishga nima sabab bo‘lgan?
Urgut tumanining Chumchuqli mahallasida ayol va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi is gazidan fojiali vafot etdi. Bu haqdagi xabar ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi va xunuk holat odamlarni hushyorlikka chorladi.
Xo‘sh, hodisaga nima sabab bo‘lgan?
Muxbir holat yuzasidan ma’lumot olish uchun Urgut tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Sanaqulov bilan suhbatlashgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2021 yil 28 oktyabrdan 29 oktyabrga o‘tar kechasi ayol isitish pechida tappi va ko‘mir kukuni aralashmasidan tayyorlangan tezak yoqqan. Ammo pechka mo‘risi qurum bilan to‘lib qolgan, isitish pechi esa tozalanmasdan yoqilgan. Oqibatda is gazidan zaharlanish kelib chiqqan.
Suhbat davomida D.Sanaqulov Chumchuqlida uch kishi vafot yetganini, ulardan ikki nafari 2010 va 2016 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bolalar bo‘lganini tasdiqladi. Hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
D.Sanaqulovning aytishicha, tuman FVB xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar, OAV orqali, shuningdek turli tashkilotlar va mahallalarda yurib, is gazidan zaharlanishga qarshi targ‘ibot ishlari olib borilyapti. Ammo shunga qaramasdan odamlar hamon uy isitish pechlarini yoqishda pechlarning sozligiga, mo‘rilarni tozalash ishlariga e’tiborsiz bo‘lyapti.
«Fuqarolardan turli isitish pechlarini yoqishdan avval mo‘rilarni tozalashlarini, pechlarning sozligini tekshirishlarini iltimos qilamiz. Agar ular ozgina e’tiborli bo‘lsalar, Chumchuqli mahallasida yuz bergan fojiaga o‘xshash holatlar takrorlanmasdi», deydi D.Sanaqulov.