Moskvada zaharlangan o‘zbek migrantlari haqida ma’lumot berildi

Amurdagi zavodda sodir bo‘lgan yong‘in va Moskvadagi xostelda vafot etgan mehnat migrantlari yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lumot berdi.

Bugun Rossiya Federatsiyasi Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodida yuz bergan portlash va uning oqibatida yuzaga kelgan yong‘in yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Vladivostok shahridagi bosh konsulxonasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi xodimlari tegishli tashkilotlar vakillari bilan tezkor aloqa o‘rnatdi.

Huquq-tartibot idoralari taqdim etgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu fojia oqibatida jabrlanganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yo‘q.

Shuningdek, Moskva shahridagi xostellardan birida mehnat migrantining vafot etgani bilan bog‘liq holat O‘zbekiston Respublikasi diplomatik organlari va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi tomonidan nazoratga olingan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan 3 nafar fuqaroning ahvoli qoniqarli.

Ushbu holatlar bo‘yicha tergov tadbirlari rasmiy xulosasi olingach, qo‘shimcha ma’lumot beriladi.