Salkam 3 yilda qariyb 30 nafar fuqaro is gazidan yoki qimmatbaho metallar qazib olish chog‘ida vafot etgan

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishda qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi holati yuzasidan respublika Tog‘-kon sanoati va geologiya, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar vazirliklari, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi mas’ul rahbar xodimlarining axborotlari eshitildi.

Shuningdek, Qo‘mita tomonidan mazkur sohada o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi.

Olib borilgan o‘rganishlar, aholi bilan bevosita muloqotlar, qonunchilik hujjatlarining ijro etilishi holati hamda huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili sohada qator muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Jumladan, oltin va qimmatbaho metallarni qonuniy qazib olishning afzalliklari yuzasidan vakolatli organlar tomonidan targ‘ibot ishlari yetarli darajada olib borilmaganligi oqibatida Toshkent, Namangan, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida aholi tomonidan ochiq maydonlarda oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari yildan-yilga ko‘paymoqda.

2020 yilda oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari yuzasidan 34 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 463 tani, 2022 yilda esa qariyb 1500 tani tashkil qilgan.

Ochiq maydonlarda qazib olish ishlari jarayonida xavfsizlik talablariga rioya etilmaganligi oqibatida 2021–2022 va 2023 yilning 10 oyida qariyb 30 nafar fuqaro is gazidan yoki qum va tosh bosib qolib, halok bo‘lgan.

Bundan tashqari, ochiq maydonlarda noqonuniy oltin qazib olish jarayonlariga voyaga yetmaganlarni ham jalb qilish holatlari mavjud.

Shu bilan birga, tarkibida oltin va qimmatbaho metallar bo‘lgan rudalarni noqonuniy qazib olish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 702-moddasi bilan qo‘llaniladigan jarima miqdori kam belgilanganligi ham mazkur yo‘nalishdagi qonunbuzilish holatlarining ayni bir shaxslar tomonidan takror sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, bugungi kunda 102 nafar jismoniy shaxs tomonidan qimmatbaho metallarni noqonuniy yo‘l bilan qazib olish holati takroriy sodir etilgan.