Uchuvchi avtomobil
Avtomobil ham uchadimi? Ishonish qiyin. Bu faqat kinofilmlarda bo‘lishi mumkin. Masalan, «Beshinchi element» filmida. Ammo endi yaqin o‘rtada real hayotda ham uchadigan avtomobillar paydo bo‘ladiganga o‘xshaydi.
O‘sha yuqorida eslatilgan «Beshinchi element» filmi syujeti asosida Podmoskovda yerda uchuvchi avtomobil yaratish ustida ish boshlandi.
N.Jukovskiy nomidagi aerogidrodinamika instituti mutaxassislari ana shu g‘oyani amalga oshirishga kirishdilar. Uchuvchi apparat «Era» degan nom oldi. U soatiga 350 kilometr tezlikda ucha oladi.
Mashina ommaviy ravishda ishlab chiqariladimi, yo‘qmi, hozircha noma’lum. Ammo mutaxassislarning xursandchiligi cheki yo‘q: juda muhim birinchi qadam qo‘yildi.
***
Rahmdil mushuk
Mushuk sichqonning kushandasi ekanligini hamma biladi. Mushuk bor xonadonga sichqon yo‘lamaydi. Sichqonni ko‘rgan mushuk esa uni ayab o‘tirmaydi. Lekin mushuk bilan sichqon inoq yashashi mumkin ekan.
…Bryanskida birinchi qavatda yashovchi ayol sichqonlardan bezor bo‘lib ketdi. Yerto‘ladan xonadonga o‘tgan kemiruvchilar bosqinidan bezor bo‘lgan uy bekasi sanitariya brigadasini chaqirdi. Biroq ularning zaharli xo‘raklari ham sichqonlarni yo‘qotolmadi. Ayol dugonasinikidan muloyimgina mushuk olib keldi. «Sichqonlarga endi qiron keladi» o‘yladi u.
Bir kuni ayol eshik tirqishidan xonaga nazar tashladi va hayratdan dong qotib qoldi. U ko‘zlariga ishonmasdi: mushuk idishdagi sutini sichqon bilan baham ko‘rardi. Uy bekasini sezgan sichqon qochib iniga kirib ketdi. Mushuk esa egasidan norozi "miyov"lab qo‘ydi. Beka tashqariga chiqib, fortochkadan razm soldi: sichqon inidan chiqib mushuk bilan yana birga sut ichardi...
T.Shomurodov tayyorladi.