Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ulug‘bek vorislari Yevropani zabt etyapti

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi, Opavadagi Sileziya universiteti dotsenti, fizika-matematika fanlari doktori Arman Tursunov Milan Odegnal nomidagi Chexiya Respublikasi Fizika jamiyatining birinchi darajali mukofoti bilan taqdirlandi.

Ikki yilda bir marta yosh fiziklar uchun o‘tkaziladigan mazkur tanlov Chexiyada ishlaydigan, 30 yoshgacha bo‘lgan, fizikaning barcha sohalari bo‘yicha ilmiy ishlar qilayotgan yoki Chexiya universitetlarining bitiruvchilari o‘rtasida tashkil etiladi. Tanlovga so‘nggi besh yil ichida nashr etilgan yoki nashrga qabul qilingan uchtagacha ilmiy ishlar tanlab olinadi. 2020 yilgi birinchi darajali mukofot yosh o‘zbek olimi Arman Tursunovga nasib etdi. Bu nufuzli mukofot uning "Qora tuynuklar fizikasining nazariy tadqiqoti uchun" berildi. Ikkinchi va uchinchi darajali mukofotlarga chexiyalik va italiyalik yosh olimlar sazovor bo‘ldi.

Rasmiy taqdirlash marosimi 2020 yil 9 sentyabrda Chexiya va Slovakiya fiziklarining Pragadagi 20-anjumanida o‘tkaziladi.

Ta’kidlash lozimki, 29 yoshli Arman Tursunov 2018 yilda yuqori energiya astrofizikasi sohasidagi izlanishlari uchun Chexiya Respublikasi Ta’lim, yoshlar va sport vazirligining oliy mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. U, shuningdek, o‘z ilmiy izlanishlari uchun 2015 yilda Dubna (Rossiya) qo‘shma yadro tadqiqotlari instituti mukofotini, 2016 yilda Oldenburg (Germaniya) da o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqot guruhining ikkinchi darajali mukofotini qo‘lga kiritgan.

Bundan oldingi Milan Odegnal birinchi darajali mukofoti ham yosh o‘zbek olimi – Respublika Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, falsafa doktori Bobur Toshmatovga nasib qilgan edi.

Yana bir yosh olim - Astronomiya instituti bosh ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori Ahmadjon Abdujabborov ham Yevropa davlatlarining bir qator mukofotlariga sazovor bo‘lgan. U 2010 yilda Italiyaning Triyeste shahrida o‘tkazilgan nufuzli tanlovda “Eng yaxshi taqdimot” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi, Jahon Fanlar akademiyasiga eng yosh a’zo sifatida saylandi. 2017 yilda AQShning Clarivate Analytics kompaniyasi Web of Science ma’lumotlar bazasi bo‘yicha, 2019 yilda esa Yevropaning Elsevier kompaniyasi SCOPUS ma’lumotlar bazasi bo‘yicha “O‘zbekistonning eng yaxshi olimi” sifatida e’tirof etildi.

Bu natijalar, shubhasiz, O‘zbekistonning yosh olimlari, Mirzo Ulug‘bek vorislarining Yevropani zabt etayotganidan dalolatdir.