Universitet xiyoboni asl holini saqlagan holda ta’mirlanadi

Viloyat qurilish bosh boshqarmasida jurnalistlar, blogerlar, deputatlar, partiya faollari, mahalla raislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Samarqand shahridagi Universitet xiyobonining yangilanadigan qiyofasi bo‘yicha loyiha takliflari muhokama qilindi.

Prezidentimizning 2021 yil 15-16 aprel kunlari viloyatimizga tashrifi yakuni bilan tasdiqlangan rejaga asosan uch oyda Samarqand shahridagi Universitet xiyobonini obodonlashtirish bo‘yicha rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish topshirilgan edi. Mazkur loyihani mutasaddi idoralar bilan kelishgan holda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish va xalq deputatlari viloyat Kengashiga kiritish belgilangandi.

Turizm va sport vazirligining buyurtmasiga asosan “Armas” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan loyiha takliflari muhokama etildi.

- Mutaxassislar bilan birgalikda xiyobonni o‘z holicha saqlab qolgan holda yanada jozibadorligini oshirish bo‘yicha loyiha konsepsiyasi ishlab chiqilgan, - deydi viloyat bosh arxitektori H.Mirzoyev. – Bugungi muhokamada xiyobonda savdo do‘konlari bo‘lmasligi, ta’mirlash ishlarida yengil texnikalardan foydalanish, ekologlar nazoratida daraxtlarga zarar yetkazmasdan ishlarni olib borish bo‘yicha qator takliflar bildirildi. Shuningdek, xiyobonda yangi qurilish ishlarini rejalashtirmasdan o‘rindiq, tungi chiroqlar va chiqindi tashlash jihozlarini yangilash orqali xiyobonning asl holatini saqlab qolish bo‘yicha ham takliflar bildirildi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.