Nega Universitet xiyoboni haqida asossiz xabar tarqatganlar kechirim so‘ramadi?

Ha, negadir hech kim kechirim so‘ramadi! Gap Samarqand shahridagi Universitet xiyoboni haqida ketarkan, keyingi kunlarda butun internet olamida «Bulvar o‘zgarmaydi!» degan xabarlar tarqala boshladi. Vaholanki, bulvarning o‘zgarishi, uning qayta qurilishi haqidagi xabarlar yolg‘on ediku! Sababi, ilk ma’lumot tarqalganda ham aniq-tiniq qilib aytilgandi: xiyobon obodonlashtiriladi, birorta daraxtga ziyon yetmaydi, veloyo‘lak quriladi, deb. Ammo buni qarangki, bu ishlarga kirishilgan zahoti internetda umuman haqiqatga zid bo‘lgan loyihalar, bulvarning qay ahvolga kelishi haqidagi yolg‘on suratlar paydo bo‘ldi. Bu esa ushbu xiyobondan bir bor bo‘lsa-da o‘tgan kishida g‘azab, nafrat uyg‘otdi. Nahotki, shu gap rost bo‘lsa, nahotki, bulvar allaqanday didsiz bir hududga aylanib qolsa, degan o‘yda barcha o‘z noroziligini bildira boshladi. Shu tariqa katta bir norozilik o‘chog‘i paydo bo‘ldi: eng qizig‘i - yo‘q joydan.

Dunyo tajribasida ham mashhur, shaharning diqqatga sazovor, tarixiy hududiga aylangan bulvarlarda veloyo‘laklar bo‘lishi tabiiy holligini aytadigan bo‘lsak, bu masala katta shov-shuvga arzimaydi. 

Samarqand viloyat hokimi E.Turdimov jurnalistlar bilan uchrashib, masalaga oydinlik kiritdi. Tarqalgan xabarlarning asossiz ekanligini, maqsad – xiyobonni obodonlashtirish, u yerni odamlar kelib, sayr qiladigan, dam oladigan hududga aylantirish ekanligini aytdi.  

Xullas, masalaga munosabat bildirildi. Ammo yolg‘on xabar tarqatganlar negadir jim. Umuman, bugun ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar tomonidan layk yig‘ish yoki boshqa maqsadlarda shov-shuvli, feyk xabarlar tarqatish oddiy holga aylangan. Ammo bu kezi kelganda minglab kishilarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Feyk xabar, uni tarqatganlarga foydasiyu, jamiyatga, ba’zi bir tashkilotga ziyoni, umuman mediasavodxonlik, yolg‘on xabarlarga munosabat bildirilmayotgani sabablari keyingi maqolalarimiz mavzusi bo‘ladi. Saytimizni kuzatib boring.

Gulruh MO‘MINOVA.