Samarqand shahridagi Universitet xiyoboni rekonstruksiya qilinmaydi, obodonlashtiriladi (Video)

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov bugun – 18 iyun kuni ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashib, viloyatda, jumladan, Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, aholi uchun yaratilayotgani zamonaviy turmush sharoitlari va shaharning sayyohlik salohiyatini oshirish borasidagi tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlash lozimki, yaqinda Samarqand shahrida XIX asr oxirlarida bunyod etilgan bulvar, hozirda Universitet xiyoboni deb nomlanadigan maskanda obodonlashtirish ishlari boshlangach, bu ijtimoiy tarmoqlarda turli xil fikrlarga sabab bo‘ldi. Jarayon noto‘g‘ri talqin etilishi holatlari kuzatildi. Shu sababli 16 iyun kuni Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari va shahar hokimligi mas’ullari, 17 iyun kuni esa viloyat hokimining o‘zi xiyobonga borib, jurnalist va blogerlar, jamoatchilikka bu yerda amalga oshiriladigan obodonlashtirish ishlari haqida ma’lumot berdi, loyihalar bilan tanishtirdi.

Erkinjon Turdimovning jurnalistlar bilan bu galgi muloqotida ham dastlab xiyobondagi ishlar tilga olindi.

Video: Youtube

– Avvalo, qanday fikr bo‘lishidan qat’iy nazar, odamlarning o‘z munosabatini bildirayotgani quvonarli, – dedi viloyat hokimi. – Bu yurtdoshlarimizning, jamoatchilikning Samarqandning bugungi va ertasiga befarq emasligidan dalolat beradi. Universitet xiyoboni ham shahrimizdagi muqaddas tarixiy yodgorliklar singari barchamiz uchun qadrli, faxrlanadigan maskan hisoblanadi. Albatta, uni asrab-avaylashimiz, bu yerdagi har bir daraxt, niholni parvarishlashimiz kerak. Shu bilan birga ushbu maskanda aholining hordiq chiqarishi, sayr qilishi uchun munosib shart-sharoit yaratishimiz lozim. Afsuski, keyingi paytda bu yerga odamlar kam keladigan bo‘ldi. Xiyobondagi daraxtlar, maysazorlarni sug‘orish ishlari ko‘ngildagidek olib borilmadi, tungi yoritish tizimi yaxshi ishlamadi, o‘rindiqlar yetishmadi. Shuning uchun joriy yil boshida Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi va boshqa mas’ul kishilar Turkiyaning Anqara shahriga xizmat safariga yuborilib, u yerda istirohat bog‘lari va xiyobonlar tashkil etish, saqlash bo‘yicha tajriba o‘rganib keldi. O‘z navbatida turkiyalik mutaxassislar Samarqandga kelib, o‘z takliflarini bildirdi. Xususan, Universitet xiyobonining asl mazmun-mohiyatini saqlagan holda unga zamonaviy qiyofa berish, bu joyni shahar ahli va mehmonlar hordiq chiqaradigan ko‘rkam maskanga aylantirish g‘oyasi ilgari surildi. Shu asosda loyiha ishlab chiqildi. Bunda xiyobondagi birorta daraxtni kesmay, shikast yetkazmay, aksincha, qo‘shimcha noyob daraxt ko‘chatlari, gullar o‘tqazib, obodonlashtirish ishlarini olib borish belgilandi. Afsuski, keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarga asl loyihadan tashqari, turli xil loyihalar joylashtirildiki, ular umuman Universitet xiyoboniga daxldor emas. Aslida xiyobonda asosan kommunikatsiya tizimi to‘liq yangilanadi, yo‘laklar qayta, zamonaviy asosda quriladi, tarixiy ko‘rinishga mos o‘rindiq va yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Xiyobon o‘rtasidagi asosiy yo‘lakka granit tosh teriladi. Ikki chetdagi hozirgi qumli yo‘laklar o‘rnida rezinadan yugurish yo‘lakchalari tashkil etiladi. Hududda foydalanilmay turgan nasos stansiyasi o‘rnida zamonaviy hojatxona qurish rejalashtirilmoqda. Lekin bu borada hali yakuniy qarorga kelingani yo‘q. Eng yaxshi takliflar o‘rganilmoqda. Favvoralarni rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Xiyobonda ushbu maskan kim tomonidan, qachon tashkil etilgani va boshqa ma’lumotlar aks etgan lavha, shaharning bosh rejasi va soat joylashtiriladi. Shuningdek, Wi-Fi hududlar tashkil etiladi.

Xiyobondagi obodonlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va bir qismdagi ishlar yakunlangach, keyingi qismga o‘tiladi. Shu tarzda bu yumushlar joriy yil yakuniga qadar bajariladi.

E.Turdimov shaharning boshqa hududlarida tashkil etiladigan, obodonlashtiriladigan istirohat bog‘lari va xiyobonlari haqida ham ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilda So‘g‘diyona maskanidagi Samarqand avtomobil zavodi yaqinidagi va Ogahiy mahallasidagi xiyobonlar ham zamonaviy ko‘rinishda obodonlashtiriladi. Kimyogarlar shaharchasida eski madaniyat uyi rekonstruksiya qilinib, yangi istirohat bog‘i tashkil etiladi. 2018 yildan ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlangan shaharning yangi – Qorasuv massivida ham bugungi kun talablariga mos madaniyat va istirohat bog‘i, stadion barpo etiladi. Bundan tashqari, ayni paytda shahardagi Alisher Navoiy nomli markaziy madaniyat va istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha tayyorlanmoqda.

– Shaharning Alisher Navoiy ko‘chasini ham tunu kun piyoda sayr qilish mumkin bo‘lgan maskanga aylantiramiz, – dedi E.Turdimov. – Ko‘chaning ikki tarafida shunga mos xizmat ko‘rsatish nuqtalari, ko‘ngilochar maskanlar tashkil etiladi. Bunda albatta, ushbu ko‘chaning tarixiy qiyofasi saqlab qolinadi. Umuman, bugun Samarqandni sayyohlik markaziga aylantirmoqchi bo‘lsak, uning tarixiy jozibasini saqlashimiz kerak. Bu yerda ko‘p qavatli binolar qurish, transport vositalari qatnovini cheklash ustida ishlashimiz lozim. Albatta, yaqin yillarda bu borada katta ishlar bajariladi. Ma’muriy binolar, ko‘p qavatli uylarni shaharning tarixiy hududidan boshqa joylarga ko‘chiramiz. Hozir foydalanib turgan binolarning aksariyati mehmonxona bo‘lib qoladi. Yildan-yilga shahrimizga sayyohlar oqimi ko‘payayotgan ekan, shunday yo‘l tutishimiz to‘g‘ri bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil Samarqandga 355 ming sayyoh kelgan bo‘lsa, bu yil 510 mingga yaqin turist kutyapmiz. Bu ko‘rsatkich yil sayin oshib borar ekan, shunga mos sharoit, imkoniyat ham yaratishimiz kerak.

  Ayni paytda Samarqand shahrida 1123 gektar tarixiy hudud, 1369 gektar bufer zona mavjud. Ushbu hududlarda 9,5 mingta turar joy, 1,2 mingta noturar joy ob’yektlari bor. Hozirda shaharning bosh rejasini ishlab chiqishda bu jihatlar inobatga olinmoqda. Samarqandning tarixiy qismini asl holicha saqlagan holda, turar joylar va boshqa ob’yektlarni shahar tashqarisida qurish orqali uni yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Mana, ikki yildan buyon Samarqand tumanidagi Qorasuv massividan joy ajratilib, bu yerda shahar aholisi uchun ko‘p qavatli uylar qurishga kirishdik. Yaqin yillarda bu yer 100 ming aholi, kelajakda esa 1 million kishi yashaydigan shaharcha bo‘ladi. O‘tgan yil 7 va 9 qavatli uylar qurilgan bo‘lsa, bu yil 12,14, 16 qavatli zamonaviy uylar qad rostlamoqda. Hozirda tegishli tashkilotlar bilan loyihalarni muhokama etyapmiz, agar ular tasdiqlansa kelgusi yil Qorasuvda 30 qavatli uylar qurilishi boshlanadi. Bunday zamonaviy uy-joylarni Kimyogarlar shaharchasi va So‘g‘diyona maskanini bog‘laydigan Narpay ko‘chasida ham qurish mo‘ljallangan. Bugungi kunda ushbu hududda 15 ming 600 ta xonadon qurish bo‘yicha biznes-loyihalar tayyorlangan. Yaqin yillarda bu yerda ham 100 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi. Bundan tashqari, Samarqand tumanidan Nurobod tumaniga chiqish hududida ham ko‘p qavatli uylar qurish orqali shaharni kengaytirish rejamiz bor.

  Uchrashuv davomida E.Turdimov Samarqand shahrida 2022 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti ob’yektlari, shahardagi ariqlar atrofini obodonlashtirish, aholiga transport xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish masalalari yuzasidan ham so‘z yuritib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.

  – Aslida, sizlar bilan tez-tez uchrashib turishimiz kerak va bu barchamiz uchun foydali bo‘ladi, – dedi uchrashuv yakunida E.Turdimov. – Chunki, ommaviy axborot vositalari davlat organlari bilan xalq o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi. Qancha ko‘p uchrashsak, yechimsiz masalalar, javobsiz savollar kamayadi. Men ijtimoiy tarmoqlar orqali ham sizlarni kuzatib, fikrlaringizni o‘qib boraman. O‘rinbosarlarim, tuman va shahar hokimlariga ham ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan yaqin bo‘lishni, faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berib borishni aytaman. Rahbarlarning eshigi xalq uchun, jurnalistlar uchun doim ochiq bo‘lishi kerak.

G‘olib HASANOV.