Jurnalistlar sportda bellashdi
Bugun Toyloq tumanidagi bolalar o‘smirlar sport maktabida viloyatdagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlar o‘rtasida sportning shaxmat, shashka, stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Mazkur bellashuv Toyloq tuman hokimligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi viloyat yoshlar festivali doirasida va 27 – iyun Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etildi.
Bayramona o‘tkazilgan sport tadbirida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, Toyloq tuman hokimi B.Bobonazarov qatnashib, 50 nafarga yaqin jurnalistlar qatori o‘zlari ham sportda bellashdi va barchani kasb bayrami bilan tabrikladi.
Ishtirokchilarga uyushmaning viloyat bo‘limi va tuman hokimining tashakkurnomasi va sovg‘alari topshirildi. Sport tadbiri tashkilotchilariga Uyushmaning viloyat bo‘limi tashakkurnomasi berildi va kitob tarqatildi. Qiziqarli va murosasiz kechgan bahs yakuniga ko‘ra, quyidagilar g‘olib bo‘lganligi e’lon qilindi.
Sport tadbiri ishtirokchisi Abrorxon Ahmadxonovga “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyasi berildi.
Stol tennisi bo‘yicha viloyat teleradiokompaniyasi teleoperatori Salohiddin Umarov birinchi o‘rinnni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni “Zarnews.uz” internet nashri muxbiri Anvar Mustafoqulov egalladi. Uchinchi o‘rin tadbir mehmoni, Navoiy viloyat teleradiokompaniyasi bosh muharriri G‘olib Abdusalomovga nasib etdi.
Stol tennisi musobaqasining ayollar o‘rtasidagi bellashuvida “Zarafshon” gazetasi muxbiri Gulruh Mo‘minova o‘yindagi raqibi “Samarkandskiy vestnik” gazetasi muxbiri Zamira Baltayevani yengdi. Uchinchi o‘rin Toyloq tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Nigina Rahmatovaga nasib etdi.
Shaxmat aql bellashuvida Past Darg‘om tumani “Past Darg‘om haqiqati” gazetasi jamoatchi muxbiri Nurbek Qodirovga teng keladigani topilmadi.
Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Navoiy viloyat teleradiokompaniyasi vakiliga va “Qo‘shchinor” gazetasi muharriri o‘rinbosari Abdulla Nisorovga nasib etdi.
Musobaqaning shashka bo‘yicha bellashuvida “Zarafshon” gazetasi muxbiri Xurshida Ernazarova barcha raqiblaridan ustun keldi. Ikkinchi o‘ringa Samarqand shahar “Samarqand” gazetasi xodimi Sarvar Abdurahmonova loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Toyloq tumani “Qo‘shchinor” gazetasi muxbiri Go‘zal Muzaffarovaga nasib etidi.
Husan ELTOYeV.