Samarqandlik bir guruh OAV xodimlari O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasiga a’zo bo‘ldi
Xabar qilganimizdek, viloyat Matbuot uyida Prezidentimizning “OAVni qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi qanday?" mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda AOKA viloyat bo‘limi vakillari, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
- Bugun jurnalistika sohasi rivoji yo‘lida sezilarli ishlar qilinyapti, - dedi O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov. – Eng yaxshi materiallar mualliflariga katta-katta mukofot pullari, qalam haqi beramiz, deb niyat qilgandik, mana, Prezidentimiz ushbu qaror bilan orzularimizni amalga oshirdi. “Oltin qalam” milliy mukofoti g‘olibi 2023 yilda avtomobil minadi. Har yili 50 nafar jurnalistni rivojlangan xorijiy davlatlarga tajriba almashish uchun yuboramiz. Jurnalistlar o‘rtasida raqobatni kuchaytirish maqsadida top-100 talik e’lon qilinadi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi tomonidan 60 nafardan ortiq faol, tajribali jurnalistlarga a’zolik biletlari topshirildi.
Bundan tashqari, viloyat Matbuot uyida Toshkent viloyati OAV vakillari, xususan, “Toshkent haqiqati” gazetasi tahririyati xodimlari ishtirokida “Bosma nashrlarni boshqarishda muharrirning o‘rni” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda bugungi kunda muharrirlar faoliyati bilan birga, bosma nashrlar oldida turgan muammolar tahlil qilindi. Duch kelinayotgan kamchiliklarga yechim izlandi.
Tadbir so‘ngida toshkentlik mehmonlar “Zarafshon”, “Ovozi Samarqand”, “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyatlarida bo‘lib, samarqandlik jurnalistlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi, o‘zaro tajriba almashdi.
Xurshida ERNAZAROVA.