Universitet xiyoboni tarixini yo‘qotmayapti, moziyni uyg‘unlashtirgan holda ko‘rkamlashyapti

Tarixi bir yarim asrdan ziyod davrni o‘z ichiga olgan Universitet xiyoboni deb nomlanuvchi bulvar atrofida bugun ko‘p gap-so‘zlar, muhokamalar guvohiga aylanyapmiz.

Avvalo, Samarqand shahriga, uning tarixi va buguni, ko‘rki va go‘zalligiga befarq bo‘lmagan samarqandliklar, mehmonlar, hatto chet elliklar Universitet xiyobonida amalga oshirilishi rejalashtirilgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlariga xayrixoh holda o‘z munosabatlarini bildirmoqdalar. Ammo ayrim shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda asoslanmagan fikrlarga tayanib, go‘yoki Universitet xiyoboni buzilayotgani, bu yerda uning tarixiy ko‘rinishini yo‘qotgan holda qurilish ishlari olib borilayotganini aytib, ayyuhannos solishmoqda.

Xiyobon shahar markazida joylashgan katta maydonga ega bo‘lib, bugungi kunda u sayr qilish va hordiq chiqarish uchun xizmat qiladi.

Viloyat va shahar hokimligi kelgusida xiyobonning xalqimiz va mehmonlar uchun qo‘shimcha xizmatlarni ham ko‘rsatish imkonini yaratishga bel bog‘laganlar. Xususan, xiyobonda favvoralar, sport uskunalari, qulay o‘rindiqlar, WI-FI zonalar, axborot xizmatlari markazi, yugurish, velosiped va boshqa kichik ekologik toza texnik vositalar (samokat, sigvey kabi) uchun yo‘laklar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa xalqimizning sport bilan shug‘ullanishi va hordiq chiqarishi uchun yana bir zamonaviy maskan paydo bo‘ladi, deganidir.

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanmiz, fikr bildirayotgan kimsalarning aksariyatini tashvishga solayotgan eng asosiy masala – xiyobondagi daraxtlarning kesilish xavfi. Biz ham bu masala e’tibordan chetda qolmasligi tarafdorimiz. Xiyobonni obodonlashtirish ishlarining birinchi bosqichini kuzatgan kishi mavjud daraxtlarni kesilmayotganining guvohi bo‘ladi. Aksincha, loyihachilar ta’kidlashicha, bu yerdagi mavjud 2290 ta dov-daraxt o‘z o‘rnida saqlanishi barobarida qo‘shimcha archa va boshqa manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi.

Yuqoridagilar haqida fikr yuritib, e’tiboringizni bir masalaga qaratmoqchimiz. Yurtimiz tarixini, umuman, har qanday davlat, shahar tarixini o‘rganadigan bo‘lsak, biror marta, biror kim chetdan kelib, o‘zga davlat yoki shaharga jon kuydirib, uni obod qilmagan yoki aholisining farovon turmushi uchun qayg‘urmagan. O‘zini jonkuyar qilib ko‘rsatgan o‘zga davlatlar vakillari aslida doimo bundan o‘zlari uchun manfaatli boshqa maqsadlarni ko‘zlaganlar va shunday bo‘lib qoladi ham.

Yana bir jihat, yurtimizda olib borilayotgan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va zamonaviy qurilish ishlarini chet el matbuotida kamchilik sifatida qoralab targ‘ibot qilish qanchalik to‘g‘ri. Bundan kimlar va qanday manfaat topmoqda? Ular uchun material tayyorlab berayotganlar aslida o‘z yurti rivojiga bilib-bilmay to‘sqinlik qilib qolmayaptilarmi?

Shularni e’tiborga olib, hamyurtlarimizdan hamisha navqiron va qadimiy Samarqand shahrini asrab-avvaylab, uning yanada ko‘rkamlashishiga hissa qo‘shish bilan birga o‘zgalar tomonidan yolg‘on va’dalarga aldanib qolmasliklarini so‘raymiz.

O‘tkir USMONOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat

markazi Samarqand viloyat bo‘limi rahbari.