Samarqandning eng faol ishbilarmon ayollari aniqlandi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi loyihalaridan biri “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanloviga o‘n yil to‘ldi.

Ushbu loyiha 2016 yildan buyon O‘zLiDeP, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o‘tkazib kelinmoqda.

Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida Samarqand shahridagi "Hunarmandlar markazi"da “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida “Ishbilarmon ayol – 2025” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi.

Tanlovda tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 14 nafar ishbilarmon xotin-qiz ishtirok etib, o‘z sohalarida erishgan yutuqlari va tajribalarini namoyish qildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zebuniso Po‘latova hamda O‘zLiDeP viloyat Kengashi raisi Ilhom Botirov so‘zga chiqib, tanlovning ahamiyati, uning ayollar tadbirkorligini rivojlantirishdagi o‘rni hamda o‘tgan yillar davomida erishilgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan 10 yil mobaynida viloyatning 2 ming nafardan ziyod xotin-qizlari “Ishbilarmon ayol” tanlovida ishtirok etgan. Shulardan 95 nafari viloyat bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan bo‘lsa, 11 nafari respublika bosqichida faxrli o‘rinlarni egallagan.

Joriy yilgi tanlovda 740 nafardan ziyod ishbilarmon xotin-qiz kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik va boshqa yo‘nalishlarda erishgan yutuqlari bilan ishtirok etib, 14 nafari viloyat bosqichida bellashdi.

Natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni qo‘shrabotlik Zebuniso Abdurazzoqova qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlar urgutlik tikuvchi Muqaddam Jabborova hamda toyloqlik fermer Mavluda Haydarovaga nasib etdi. 

- 15 yildan beri qandolatchilik bilan shug‘ullannaman, - deydi Zebuniso Abdurazzoqova. -  Uyimizda qandolatchilik sexi tashkil qilganmiz. 10 nafar doimiy ishchimiz bor va ehtiyojdan kelib chiqib, yollanma ishchilar olamiz. Mahsulotlarni ko‘proq to‘y-bazmlar uchun olishadi, shuningdek, viloyat va respublikamiz bozorlariga sotamiz. Faoliyatim davomida 100 nafardan ziyod shogird tayyorlaganman va hozir ham yoshlarga shirinlik va turli pishiriqlar tayyorlashni o‘rgatyapman.

Tadbir davomida 5 nafar xotin-qiz turli nominatsiyalar bo‘yicha va 40 nafardan ziyod ishbilarmon ayollar esdalik sovg‘alari, tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.