Mamlakat bor-u, aholi yo‘q: Dunyodagi aholi zichligi past davlatlar

Yer yuzidagi aholi soni yildan-yilga ko‘payib borishi bilan bir qatorda, yangi hududlar o‘zlashtirilib, shaharlar qurilyapti, minglab xalqlar yonma-yon yashab, o‘z madaniy merosini asrab-avaylab kelmoqda. Biroq dunyodagi har bir mamlakat ham ko‘p sonli aholisi soni bilan maqtana olmaydi. Bu joylar odamlarga emas, yerga boy.
Grenlandiya
Aholi zichligi: 1 kvadrat kilometrga 0,14 kishi.
Grenlandiya aholi zichligi eng past bo‘lgan mamlakatlar orasida birinchi o‘rinda turadi. Kattaligiga qaramay, dunyodagi eng katta orol unvoniga da’vogarlik qilish imkoni bor ulkan hudud aholisi kamligicha qolmoqda. Bu yerdagi abadiy qish 2,5 million yil oldin boshlangan, orolning taxminan 80 foizini muz qatlami qoplaydi va faqat kichik bir qismi nisbatan issiq yozni boshdan kechiradi: Yozda havo +21 darajagacha qizishi mumkin. Orol-mamlakatning markaziy qismida misli ko‘rilmagan sovuq hukmronlik qiladi: qishda o‘rtacha harorat -50 darajaga yetadi, yozda esa -12 darajagacha "isiydi".
Mongoliya
Aholi zichligi: 1 kvadrat kilometrga 2,14 kishi.
O‘zining ko‘chmanchi an’analari bilan dunyoga mashhur Mongoliyaning hududi dashtlar va Gobi cho‘li bilan o‘ralgan, aholi zichligi pastligining asosiy sababi ham mamlakat landshafti bilan bog‘liq. Hududi bo‘yicha dunyoda 18-o‘rinni egallaydigan davlat aholisi past zichlik bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi.
Qadim zamonlardan beri mo‘g‘ul qabilalari yashash uchun qulay bo‘lgan hududlarga joylashib olgan. Ayniqsa, iqlim va unumdor tuproq qadrlangan, mantiqan, mamlakatning asosiy zamonaviy shaharlari tuproq va suv resurslari bilan ta’minlangan, lekin davlat hududining taxminan 98 foizida hech kim yashamaydi.
Avstraliya
Aholi zichligi:1 kvadrat kilometrga 3,35 kishi.
Avstraliyaning ichki qismi asosan cho‘l yoki yarim cho‘l bo‘lib, aksariyat odamlar qirg‘oq bo‘yi shaharlarda istiqomat qiladi, natijada aholining o‘rtacha zichligi har kvadrat kilometrga 3 kishini tashkil qiladi.
Avstraliya 7 million kvadrat kilometrdan ortiq maydonni egallagan hududi bilan dunyodagi oltinchi yirik davlat bo‘lib, uning aholisi bor-yo‘g‘i 23 million kishini tashkil etadi. Bu raqam uni dunyodagi eng kam zich joylashgan davlatlarning biriga aylantiradi.
Fransiya Gvianasi
Aholi zichligi: 1 kvadrat kilometrga 3,62 kishi.
Mamlakatning Amazon tropik o‘rmonlari bilan o‘ralgan dengiz orti hududi - Fransiya Gvianasi Janubiy Amerikaning shimoliy qirg‘og‘ida joylashgan. Bu yerning iqlimi nam va issiq, havo harorati yuqori va kuchli yog‘ingarchiliklar odamlarning yashashi uchun qiyin sharoit yaratib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni qiyinlashtiradi.
Islandiya
Aholi zichligi: 1 kvadrat kilometrga 3,69 kishi
Shimoliy Atlantikadagi vulqon orol davlati o‘zining xushmanzara, o‘zga sayyoralardagidek landshaftlari va geotermal faoliyati bilan mashhur. Grenlandiya singari, Islandiya hududi ham 90 foiz muz bilan qoplangan, shu sababli u yerda ham juda kam sonli doimiy aholi istiqomat qiladi.
Liviya
Aholi zichligi: 1 kvadrat kilometrga 3,95 kishi
Shimoliy Afrikaning katta qismini egallaydigan hududning muhim qismi Sahroi Kabir cho‘lidir. Suv va unumdor tuproqning yetishmasligi odamlar hayotini qiyinlashtiradi, shu sababli Liviya aholisi asosan o‘simliklarga boy hududlarda yashashni afzal ko‘radi va ular juda ozchilikni tashkil etadi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.