Xiyobon buzilmaydi, aksincha, yanada obodlashadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xavotirlar o‘rinsiz

Internet ijtimoiy tarmoqlari orqali ayrim yurtdoshlarimizning Samarqand shahridagi Universitet xiyobonida aholining madaniy dam olishini mazmunli tashkil etish maqsadida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayotganini noto‘g‘ri talqin etayotgan yoki bu ishlarga aks munosabatda bo‘layotganliklar ko‘zga tashlanayotir.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ushbu xiyobonda bajarilayotgan ishlar loyihasi bilan yana bir bor tanishish, qurilish mutasaddilari, mutaxassislar bilan fikrlashish maqsadida yig‘ilish o‘tkazdi.

- Avvalo, xiyobondagi bironta daraxtga ziyon yetmasligi kerak, - dedi viloyat hokimi. – Qolaversa, hududning tarixiyligi, hamyurtlarimiz hamda xorijlik sayyohlar uchun ahamiyatli maskan ekanligini hisobga olgan holda, ularning kechayu kunduz sayr qilishi, maroqli dam olishiga asqotuvchi barcha qulayliklarni yaratishni nazarda tutish lozim. Bu yerda umumiy ovqatlanish shoxobchalari – restoran, kafe yoki bar bo‘lmaydi. Aksincha, bu yerda odamlarga zavq beradigan, hordiq ulashadigan maskanlar – favvoralar, sayrgohlar, yengil jismoniy mashqlar uchun sport uskunalari, sharqona uslublarda tayyorlangan o‘rindiqlar, Vi-Fi zonalar, axborot xizmatlarini ko‘rsatuvchi markaz tashkil etilsa, maqsadga muvofiq. Umuman, bajarilgan har bir ish xiyobonga kirgan kishida havas va yaxshi kayfiyat uyg‘otsin. Xiyobon atrofida harakatlanayotgan avtotransport vositalarini chegaralash, ularning harakatlanish tezligini bosqichma-bosqich 30-10 kilometr soatgacha kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Yaqin kelajakda shaharning shu kabi tarixiy hududlarida texnikalarning yurishini taqiqlash rejasi ham bor.

Hokim xiyobon yo‘laklariga to‘shash uchun mahalliy qurilish tashkilotlari tomonidan taqdim etilayotgan granit plita mahsulotlari, Shveysariyaning «Conica» kompaniyasi taqdim etgan yugurish hamda veloyo‘lak uchun mo‘ljallangan polimer to‘shamalar bilan tanishdi. Mutaxassislarning taklif va maslahatlarini tingladi.

- Ayrim hamshaharlarimizning xiyobon bilan bog‘liq xavotir bildirishiga asos yo‘q, - deydi maskanda ta’mirlash, obodonlashtirish ishlarini olib borayotgan «Agromir Buildins» mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi yordamchisi R.Fozilov. - Universitet xiyobonidagi mavjud 2290 ta dov-daraxtga qo‘shimcha archa va boshqa manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi. Xiyobonning umumiy uzunligi 1200 metr bo‘ladigan bo‘lsa, hozirda maydonning 170 metr qismi - Amir Temur haykalidan universitetning biologiya fakultetigacha bo‘lgan hududida obodonlashtirish ishlarini boshladik. Xiyobonning o‘rtasida granit plitalar yotqizilgan piyodalar yo‘lagi, ikki chekkada maxsus yugurish, bolalar va kattalarning zarur hollarda velosipedda va boshqa kichik ekologik toza texnik vositalarda (samokat, sigvey, aravacha kabi) harakatlanishi uchun maxsus yo‘laklar barpo qilinadi. Tungi yoritish tizimlari yangilanadi, zamonaviy, yopiq irrigatsiya tizimlari o‘rnatiladi. 20-30 santimetr unumdor tuproq to‘shalib, gulzor va yashil maydonlar, umumiy ko‘rinishga ta’sir etmaydigan yer osti hojatxonalari tashkil etiladi. O‘rnatiladigan o‘rindiqlarda mobil aloqa vositalarini quvvatlantirish, USB portlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi. Ta’mirlash, obodonchilik ishlariga korxonamizning mingdan ziyod ishchisini jalb etib, ishlarni tez va sifatli amalga oshirishni rejalashtiryapmiz.

Obodonlashtirish ishlariga turkiyalik mutaxassislar ham jalb etiladi.

Tadbirda shahar hokimligi mutasaddilariga xiyobonda amalga oshirilayotgan ishlarni xolis yoritishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni mustahkamlash tavsiya etildi.

Abdug‘ofur ShERXOLOV.

Baxtiyor MUSTANOV (foto).