Universitet xiyobonida veloyo‘lak tashkil etiladi

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, aholining madaniy dam olishini mazmunli tashkil etish maqsadida universitet xiyobonida obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Loyihaga ko‘ra, xiyobon bo‘ylab aholining kechki sayr qilishlari uchun ikki tomonlama veloyo‘lak qurilib, zamonaviy favvoralar barpo etiladi. Yoritgichlar ham maskan ko‘rinishiga mos ravishda o‘zgartiriladi, xiyobon markazi turli geometrik shakldagi manzarali bezaklar bilan boyitiladi.

Muhimi, bu yumushlar hech bir daraxtga ziyon yetkazilmay bajariladi. Aksincha, hududga manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi.

Ayni kunda loyihani amalga oshirish ishlari boshlandi. Bu yerda shahar hokimligi, loyiha mualliflari, qurilish va obodonlashtirish idoralari mutasaddilari, nuroniy otaxonlar jam bo‘ldi.

Dastlabki ish Amir Temur haykalidan SamDU biologiya fakultetigacha bo‘lgan hududda loyihada belgilangan yumushlarni amalga oshirishdan boshlandi.

Mazkur loyiha bo‘yicha ishlar shu yilning avgust oyida yakunlanishi rejalashtirilgan.

N.Jonto‘rayeva.