Urgutda jamoat transporti qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
Urgut tumani qishloqlaridan tuman markazi yoki boshqa shaharlarga borib-kelish uchun yo‘lovchilarga qulay sharoitlar yaratish, umuman, tuman aholisining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan “Avtotrans Urgut” davlat unitar korxonasi tashkil etildi va ushbu korxonaga dekabr oyi boshida 60 dona “ISUZU” rusumli avtobuslar sotib olindi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Urgut Samarqand viloyatining aholisi eng ko‘p bo‘lgan tumani hisoblanadi. Biroq shu kunga qadar tumanda birorta ham yo‘nalishda avtobus qatnovi mavjud emas edi. Bu esa o‘z navbatida, yo‘lovchilarning manzillariga yetib olishlarida qator muammolarni keltirib chiqarayotgan edi. Tumandagi ayni mana shu muammoni bartaraf etish maqsadida Transport vazirligi tomonidan hududda jamoat transporti qatnovini tashkil etish maqsadida o‘rganish ishlari olib borildi.
Tuman aholisi bilan bir necha marotaba tashkil etilgan sayyor qabullar davomida bildirilgan takliflar va murojaatlar asosida yangi yo‘nalishlarda avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Aynan ushbu rejaga muvofiq “Avtotrans Urgut” davlat unitar korxonasi tashkil etildi va korxonaga yangi avtobuslar sotib olindi. Ushbu korxona o‘z ish faoliyatini boshlashi bilan tuman aholisining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondiriladi.
Joriy yilning 15 dekabr kuni Transport vazirining o‘rinbosari D.Dehqonov boshchiligidagi maxsus ishchi guruh Urgut tumani aholisi bilan sayyor qabul o‘tkazdi. Uchrashuv davomida yangi tashkil etilgan korxona va tumanda jamoat transporti qatnovini yo‘lga qo‘yish borasida tashkil etiladigan yo‘nalishlar bo‘yicha to‘liq ma’lumot berildi.
Yangi sotib olingan 60 dona avtobuslar Urgut tumani aholisi uchun xizmat ko‘rsatadigan 17 ta yo‘nalishlarga 2020 yilning yanvar oyidan e’tiboran bosqichma-bosqich joylashtiriladi. Yangi tashkil etiladigan 5 ta yo‘nalish Urgut tumani markazini bevosita Samarqand shahri bilan bog‘laydi.
Bular, “Urgut shahri-Siyob ABB”, “Urgut ABB-Bahrin-Siyob ABB”, “Urgut ABB-Dehqonobod-Siyob ABB”, “Urgut ABB-Sovg‘on-Taroqli-Siyob ABB”, “Jartepa-Siyob ABB”. Qolgan 12 ta yo‘nalish esa tuman ichki avtobus yo‘nalishlaridir.
Tuman aholisi bilan bevosita muloqot davomida Samarqand viloyati transport boshqarmasi rahbari I.Xamroyev yangi korxona tashkil etilishi bilan 200 ta yangi ishchi o‘rni yaratilishi va birinchi galda korxonada faoliyat yuritishi uchun mahalliy aholi vakillari ishga qabul qilinishini ta’kidlab o‘tdi. Korxona faoliyat boshlashi bilan avtobus qatnovlarining muntazamligi ta’minlanib, qat’iy belgilangan yo‘lkira narxi bo‘yicha harakatlanishi doimiy nazoratda bo‘ladi.
Hozirda yangi sotib olingan avtobuslarni rasmiylashtirish va siqilgan tabiiy gazga o‘tkazish bo‘yicha qayta jihozlash ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish joizki, Samarqand viloyatida 2019 yil davomida 10 ta yangi avtobus yo‘nalishlari, shundan 1 ta shahar, 8 ta shahar atrofi va 1 ta shaharlararo avtobus yo‘nalishlari ochildi. Urgut va Nurobod tumanlarida bittadan yangi avtostansiya qurib bitkazilib foydalanishga topshirildi. Viloyatda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tomonidan 49 ta “ISUZU” va 24 ta katta hajmli, shuningdek, “Avtotrans Urgut” DUK ga 60 dona “ISUZU”, jami 133 ta avtobus sotib olindi. Viloyat shahar va tumanlarida Transport vazirligi tomonidan 30 ta oraliq bekatlar qurildi.