Urgutda mehr-muruvvat ishlari davom etmoqda

Urgut tumanidagi homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga tadbirkorlar va saxovatpesha kishilar tashabbusi bilan oziq-ovqat mahsulotlari keltirilishi va ularni ehtiyojmand oilalarga yetkazish ishlari uzluksiz davom etmoqda.

Tumanda xalq dardini o‘z dardi, deb bilgan tadbirkorlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ulardan biri “URGUT FRESH GARDENS" agrofirmasi rahbari Ravshan Doniyevdir.

- Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga jami 1 ming 500 ehtiyojmand oila uchun un, yog‘, guruch va shakar kabi oziq-ovqat mahsulotlari keltirdik, - deydi tadbirkor. - Bundan tashqari, o‘zimiz yashaydigan G‘o‘s qishlog‘idagi 500 oilaga ham yetti turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari yetkazishni rejalashtirganmiz.

- Markazimizga tadbirkorlar tomonidan keltirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining keti uzilmayapti, - deydi tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi qoshida tashkil etilgan homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi mutaxassisi Rashid To‘rayev. – Tumanimizdagi mavjud 102 ta mahallada 35 ming ehtiyojmand oila aniqlangan. Keltirilayotgan homiylik yordamlari shu kunning o‘zida taqsimlanib, 5 ta maxsus avtomashinada o‘z egalariga yetkazilmoqda.

Urgutlik tadbirkorlar nafaqat shu tuman, balki viloyatning boshqa hududlarida yashovchi aholiga ham homiylik yordamlarini ko‘rsatishmoqda.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.