Urgutda o‘tgan “Adliya sayli”da 28 murojaat joyida hal etildi
Urgut tumani markaziy istirohat bog‘ida “Adliya sayli” tashkil etildi. 50 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlari bir yerda jam bo‘lgan ushbu yirik tadbirda fuqarolarga huquqiy yo‘nalishda tushuntirishlar berish bilan birga ularga turli xizmatlar ko‘rsatildi.
Jumladan, Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi, Urgut tumani davlat xizmatlari markazi hamda tuman 1-son va 2-son FHDYo bo‘limlari tomonidan fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi. Shuningdek, ularning murojaatlari qabul qilinib, shu yerning o‘zida aholiga sayyor tartibda davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Tadbir davomida fuqarolardan 80 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Ularning 28 tasi shu yerning o‘zida hal etildi. Ro‘yxatga olingan boshqa murojaatlar ko‘rib chiqish uchun mas’ul organlarga yuboriladigan bo‘ldi.
Tuman markazidan olisda joylashgan qishloqda yashovchi Kubarro Rustamova uchun ushbu sayl doirasida ko‘rsatilgan sayyor davlat xizmatlari uning uchun qulay imkoniyat tug‘dirdi. Boisi, u 2016 yilda tug‘ilgan farzandi Mashhurani shu yerning o‘zida bog‘chaga joylashtirish uchun ariza bilan murojaat qilib, navbatga qo‘ydi.
Bundan o‘ttiz yil ilgari qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan Samarqandga ko‘chib kelgan M.Mamadaliyeva 4 nafar farzandini shu yerda dunyoga keltirgan bo‘lsa-da, turli sabablar bilan shu bugungacha ularning birortasiga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma olmagan. Onaxonning o‘ttiz yillik muammosi ushbu saylda bir necha daqiqada hal etildi. Uning barcha farzandlarining tug‘ilganligi qayd etilib, guvohnomalar shu yerning o‘zida tantanali topshirildi.
Bundan tashqari, “Jarqishloq” mahallasida yashovchi S.Sharipov va F.Ziyoyeva qonuniy nikohdan o‘tmasdan, sha’riy nikoh bilan yashab kelayotganini aytib, nikohini qonuniylashtirishda amaliy yordam so‘radi. Urgut tumani 1-son FHDYo bo‘limi tomonidan ularning nikohi shu yerning o‘zida rasmiylashtirilib, nikoh qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma berildi. Tadbirda ana shunday masalalarda murojaat qilgan oilalarning 14 nafar farzandiga tadbir davomida tug‘ilganlik guvohnomalari rasmiylashtirilib berildi.
Tadbir davomida hudud aholisidan STIR, ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini olish, kadastr hujjatlarini tayyorlash, elektron raqamli imzo kaliti, arxiv ma’lumotlarini olish, elektr tarmoqlariga ulanish singari masalalar bo‘yicha ham murojaatlar kelib tushdi. Ushbu murojaatlar e’tiborsiz qoldirilmadi.
Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi axborot xizmati.