Urgutda perinatal markaz ish boshladi

Urgut tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq bo‘limi negizida bir vaqtning o‘zida 70 kishiga xizmat ko‘rsatadigan tumanlararo perinatal markazi ish boshladi.

Mazkur muassasada 3 oy davomida byudjet mablag‘lari hisobidan 1 milliard 170 million so‘mlik mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari olib borildi.

Ushbu markazda asoratli homiladorliklar va muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Endilikda tumandagi asoratli va og‘ir kechishi kutilayotgan tug‘ruqlar uchun bemorlar viloyat markaziga borishi shart emas.
Aholiga ixtisoslashtirilgan malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida markazning 30 ga yaqin vrach va o‘rta tibbiyot xodimlarining respublika hamda viloyatning ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarida malakasi oshirildi va qayta tayyorgarlikdan o‘tkazildi.