Urgutda uchta, Qo‘shrabotda bitta mahallaning yangi binosi foydalanishga topshirildi
Viloyatimizda aholiga sifatli va qulay xizmat ko‘rsatish maqsadida mahalla infratuzilmasini mustahkamlash ishlari izchil davom etyapti. Shu doirada Urgut tumanida uchta, Qo‘shrabotda bitta mahallaning yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Urgut tumanidagi Quyi Torinjak va Mirzabog‘lon mahallasi uchun zamonaviy talablarga javob beradigan yangi ma’muriy bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Tadbirda tuman hokimi Dilshod Sayidqulov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi mas’ullari hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Yangi binolar fuqarolar murojaatlarini samarali qabul qilish, aholiga davlat va ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish sifatini oshirish hamda mahalla yettiligi faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Terak mahallasida ham yangi bino ishga tushirilib, unda xodimlar va fuqarolar uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Tantanali tadbirlar davomida qurilish va obodonlashtirish ishlarida faol qatnashgan mahalla faollariga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Qo‘shrabot tumanida esa “Qiyqim” mahallasi yangi binoda o‘z faoliyatini boshladi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi Dilmurod Shakarboyev, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi vakillari, nuroniylar hamda mahalla aholisi qatnashdi.

Tadbir doirasida milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi sport musobaqalari, kuy-qo‘shiqlar va harbiy texnika hamda qurol-aslahalarning ko‘rgazmali namoyishi tashkil etildi.
Ma’lum qilinishicha, har bir mahalla binosining qurilishi va ta’mirlanishi uchun viloyat mahalliy byudjetlari hisobidan 400 million so‘mdan mablag‘ ajratilgan. Bu esa mahalla xodimlarining samarali mehnat qilishi va aholiga yanada sifatli xizmat ko‘rsatishi uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish imkonini berdi.