Vasiylik va homiylik alohida tashkilot bo‘lishi lozim
Narpay tumanida yashovchi Lenar Qurbonova bir necha yildirki, o‘z farzandlari bilan birga bolalaridan voz kechib ketgan uzoq qarindoshining ikki farzandini ham qaramog‘iga olib, tarbiyalab kelmoqda. Yaqinda ularni qonuniy asosda o‘z oilasiga olgach, tutingan ona sifatida unga davlat tomonidan nafaqa tayinlandi.
- Onasi chaqaloqligidan tashlab ketgan bu bolalarni ulg‘aytirish uchun bor imkonimni sarflayapman, - deydi L.Qurbonova. – Chaqaloqligidan qaraganim uchun Mehribonlik uyiga topshirishga ko‘nglim bo‘lmadi. Axir ularga mehrimni berib, farzandlarim qatori qaradim. Hozir kattasi 14 yoshga to‘ldi, uni yaxshiroq o‘qitib, qiziqqan sohasiga yo‘naltirmoqchiman. To‘g‘ri, bolani o‘zim ulg‘aytirdim, ammo bir kuni onasi kelib qolsa, u o‘z farzandini hech ikkilanmay olib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun ularni o‘z nomimga rasmiylashtirish uchun tuman hokimiga murojaat qilgandim. Masala darhol o‘rganilib, zarur hujjatlar to‘g‘rilashimda menga yordam berishdi. Qolaversa kichigiga aprel, kattasiga avgust oyidan boshlab nafaqa puli ham ajratildi.
Soliq tushumlarining ijtimoiy himoyaga daxldorligi
Hisobotlarda ta’kidlanishicha, shu yil Samarqandda sakkiz nafar (Narpay tumanida 4 ta, Samarqand shahrida 4 ta) patronat oilalarga nafaqa tayinlangan bo‘lsa yana 4 ta (Urgut tumanida 1 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 1 ta, Samarqand shahrida 2 ta) oila o‘rganib chiqish jarayonida. Vaholanki, shu paytgacha ushbu holat kuzatilmagan. Bizning tasavvurimizda ota-onasidan erta yetim qolgan bolalarning barchasi Mehribonlik uylarida tarbiyalanadi. Lekin qanchadan-qancha bolalar yaqin insonlaridan ayrilib, qarindoshlari qo‘lida, ularning mehridan bahramand bo‘lgan holda ulg‘aymoqda. Umuman, mutaxassislarning aytishicha, bola baxtsiz tasodif yoki hayotdagi turli ko‘ngilsizliklar tufayli ota-onadan yetim qolganda uning uchun eng yaxshi muhit o‘zi shu yoshgacha ulg‘aygan xonadon va o‘sha yerdagi qarindoshlari sanalar ekan. Tabiiyki, qarindoshlarning o‘zlari buni istasa hamda bolaga o‘sha yerda mehr berilishiga imkon bo‘lsa bola o‘sha xonadonda qoldiriladi.
- Yurtimizda bolalar ijtimoiy himoyasini ta’minlashning qonuniy asoslarida barcha jihatlar e’tiborga olingan, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bolalarni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha mutaxassisi Oloviddin Ochilov. – Jumladan, 10 ta qonun, 30 ga yaqin huquqiy hujjat qarovsiz qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning haq-huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. To‘g‘risini tan olib aytish kerak, bu hujjatlarning ba’zilari to‘la ishlashi uchun imkoniyat bo‘lmagan. Yaqin yillardan boshlab har bir viloyatning soliq tushumlari o‘z hududida qoldirilishi bilan bog‘liq yangilik bevosita himoyaga muhtoj bolalarning hayotiga ijobiy daxl qildi. Ya’ni patronat sifatida farzand tarbiyalayotgan 8 nafar oilaga nafaqa to‘lash uchun barcha hujjatlar tayyorlanib, ular nafaqa ola boshladi.
1700 ta qarovsiz bolalar aniqlangan
Patronat oila chin yetim va ijtimoiy yetim bolalarni o‘z oilasiga olib voyaga yetkazayotgan oiladir. Shuningdek, bolalarga vasiylik va homiylik tayinlash tizimi ham mavjud. Oilasiga patronat berilayotgan nomzodlar vasiylik va homiylik organi tomonidan albatta o‘rganib chiqiladi. Oiladagi ijtimoiy-ma’naviy muhit, tibbiy salomatlik, bolani katta qilish uchun sharoit mavjudligi va hokazolar tekshiriladi, talablarga javob berilsa, bola shu xonadonda tarbiyalash uchun beriladi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, 2019 yilning shu davriga qadar aniqlangan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning 189 nafari farzandlikka, 178 nafari homiylikka, 872 nafari vasiylikka, 8 nafari patronatga berilgan bo‘lsa, 30 nafari Mehribonlik uyiga, 17 nafari Bolalar uyiga, 9 nafari SOS bolalar mahallasiga joylashtirilgan. Bu degani jami 1303 nafar bolaning huquq va manfaatlari himoya qilindi.
Keyingi yillarda xonadonma-xonadon yurish amaliyoti yo‘lga qo‘yilganligi tufayli qarovsiz, hujjatsiz bolalar aniqlanib, ularga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Birgina 2019 yilning o‘zida 1700 ga yaqin shunday bolalar borligi hamkor tashkilotlar yordamida aniqlanib, ularga tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Shu o‘rinda shunday bolalar haqida bilganlardan albatta tegishli hududning vasiylik va homiylik organiga murojaat etishlarini so‘rab qolamiz.
Mehribonlik uylari qisqaradimi?
2019 yil 30 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishning muqobil shakllarini tanlash, oila institutini mustahkamlash hamda ijtimoiy yetimlikning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mehribonlik uylarida tarbiyalanib hayotda o‘z yo‘li va o‘rnini topolmasdan yurgan yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bitiruvchilar ham oz emas. Mehribonlik uylarida barcha shart-sharoit mavjud bo‘lsa-da, bola oila muhitini, tarbiyani, mehrni his qilmay ulg‘ayadi. Natijada bola Mehribonlik uyini bitirib mustaqil yashashga, turli muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishda qiynaladi. Shuning uchun ushbu qarorda 2020-2023 yillarda Mehribonlik uylarini qisqartirish, oila muhitiga yaqinlashtirilgan oilaviy bolalar uylari, bolalar shaharchalari, tutingan oilalarni kengroq tashkil etish belgilandi.
Samarqand shahridagi 2 ta Mehribonlik uyida 258 nafar bola tarbiyalanayotgan bo‘lsa shundan atiga 15 nafari chin yetim, 102 nafari kam ta’minlangan oilalarning farzandlari. Kam ta’minlangan oilalar uy-joy, ota-ona ish bilan ta’minlansa oila daromad topib farzandini tarbiyalash uchun imkoniyatga ega bo‘lsa, 102 nafar bolani o‘zining oilasi bag‘riga qaytarish imkoni bo‘ladi. Qolgan yetim va ijtimoiy yetim bolalarni oilalarda tarbiyalash (patronat)ga berish yoki kichikroq oilaviy bolalar uyi, bolalar shaharchalarida tarbiyalash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bitta tumanga bitta xodim
Vasiylik va homiylik tuzilmalarining aynan xalq ta’limi tizimida ishlashi bejiz emas. Sababi, maktab yoshidagi bolalar salmog‘i ancha ko‘proq. Ammo masalaning nozik tomoni shundaki, maktab yoshidan tashqarida bo‘lgan, ya’ni yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida ham ijtimoiy himoyaga muhtojlari bor. Maktabgacha ta’lim sohasi bundan bir necha yillar avval xalq ta’limi tizimiga qarashli bo‘lgani uchun ularni nazorat qilish masalasida hamkorlik bo‘lgan. Ammo ayni paytda barcha hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ish olib borilsa-da, vasiylik va homiylik organi alohida tashkilot sifatida shakllanishi lozim. Sababi, yuqoridagi raqamlarning o‘zi ham ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar bilan tizimli ishlash, qaysidir o‘rinlarda nazorat olib borishni taqozo qiladi. Xalq ta’limi bo‘limlaridagi birgina mutaxassis bolalarning ijtimoiy himoyasi masalasidagi keng qamrovli ishlarning barchasiga ta’lim bilan bog‘liq ishidan ortsagina ulguradi. Bu esa bir yilning o‘zida aniqlangan 1700 nafar qarovsiz bola bilan ishlash uchun yetarli emas.
Gulruh MO‘MINOVA.