Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov barcha yurtdoshlarimiz va samarqandliklarni Navro‘z bayrami bilan qutladi

Qadrli yurtdoshlar, aziz samarqandliklar!

Barchangizni yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Navro‘z bir necha ming yillik tarixga ega asl milliy bayramimiz, sharqona yangi yil hisoblanadi. Ajdodlarimiz bu kunni tabiatning uyg‘onishi va yangilanishi, dehqonchilik mavsumining boshlanishi sifatida nishonlab kelgan. Sayillar uyushtirilib, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, marosim va urf-odatlar namoyish etilgan.

Keyingi ikki yilda pandemiya sababli bu qutlug‘ ayyomni keng nishonlay olmadik. Davlatimiz rahbarining qarori bilan bu yil Navro‘z yurtimizda sayil sifatida, ko‘p millatli xalqimizning hamjihatligida bayram qilinmoqda. Tabiatning uyg‘onishi jamiyatimizdagi ko‘tarinkilikka, yurtdoshlarimiz qalbidagi zavqu-shavqqa uyg‘unlashib bormoqda. Viloyatimiz qishlog‘u mahallalarida ham Navro‘z o‘zgacha mazmun-mohiyat bilan keng nishonlanmoqda. Navro‘zning yangilash, mehr-oqibat, qadr-qimmat ayyomi ekanligi bayram tadbirlarida o‘z ifodasini topmoqda.

Tarixdan ma’lumki, Samarqand azal-azaldan, ayniqsa, Amir Temur davrida o‘zining ko‘rkam bog‘lari bilan yetti iqlimga mashhur bo‘lgan. Samarqandda mevali, manzarali daraxtlar va gullarning yuzlab turlari yetishtirilgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Ibn Sino va Beruniy asarlarida ana shu zaminda o‘sgan har bir giyoh inson organizmi uchun foydali ekanligi asoslab berilgan. Ajdodlarimizdan meros yaratuvchilik, bog‘lar yaratish an’anasi bugun ham viloyatimiz ahli tomonidan davom ettirilmoqda. Shuning uchun ham barcha samarqandliklar Prezidentimizning "Yashil makon", "Yashil yillik" tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, bu harakatlarda faol ishtirok etmoqdalar.

Yaxshi yil bahoridan ma’lum, degan gap bejiz aytilmagan. Bu yil bahor seryog‘in, barakali keldi. Bu dehqonchilikda mo‘l-hosil yetishtirish, dasturxonlarimiz to‘kin-sochin bo‘lishidan dalolat. To‘g‘ri, keyngi kunlarda havo haroratining biroz pasaygani dehqon va bog‘bonlarimizni biroz xavotirga soldi. Lekin tabiatning bunday sinovlaridan xalqimiz o‘zining boy dehqonchilik tajribasi, omilkorligi va shijoatli mehnati bilan betalofat o‘tgan. Bugun Navro‘z kunlarida, sharqona yangi yil avvalida yaxshi niyatlar qilsak, oldimizga katta-katta maqsadlarni qo‘yib, hamjihatlikda mehnat qilsak, ezgu niyatlarimizga albatta, yetamiz.

Qadrli do‘stlar!

Navro‘zning qadr-qimmati uning timsolida tabiatning uyg‘onishigina emas, balki ana shu kayfiyatni o‘zlashtirib olishimiz va yil davomida shu kayfiyat bilan harakat qilishimizdadir. Bu yil viloyatimizda juda katta xalqaro anjuman va forumlar, madaniy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Ayni chog‘da bu tadbirlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgani, keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganiga barchangiz guvohsiz. Hurmatli Prezidentimizning Samarqand va samarqandliklarga bo‘lgan cheksiz mehr va e’tibori bilan olib borilayotgan bu ishlar tufayli viloyatimiz yana ham obod, ko‘rkam bo‘lishiga ishonamiz. Ana shu ezgu ishlarda faol ishtirok etayotgan barcha yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildiraman.

Yaratganning nazari tushgan Samarqandimizga ko‘z tegmasin, mard va olijanob xalqimiz omon bo‘lsin!

Navro‘z barchamiz uchun fayz barakali, qutlug‘ kelsin!

 

Erkinjon Turdimov,

Samarqand viloyati hokimi.