Muammo hokimga aytilsa, hal bo‘ladi(mi?)

Afsuski, bugun aholida, hatto ayrim rahbarlarda ham shunday tushuncha shakllandi. Hokim xabardor bo‘lgan yoki hokimga aytilgan murojaat belgilangan vaqtda yechim topayotgani, ya’ni ortidan so‘rab turilgani sabab dardi bor inson hammasi masalani birinchi rahbarga aytishni istaydi. Qabulni kutadi.

O‘tgan yil viloyat hokimining Ishtixon tumanidagi mahallalardan birida o‘tkazgan sayyor qabulida o‘g‘lining 6 oylik ish haqini bermayotgan korxona rahbaridan shikoyat qilgandi bir otaxon. Mas’ullarga topshiriq berilib, murojaat nazoratga olindi.

– Ikki oy deyarli kunora borsam-da, pul yo‘qligini aytib, quruq qaytargan rahbar hokimga murojaat qilganimdan so‘ng uch kun o‘tib, o‘g‘limning oylik ish haqlarini hammasini berdi, – deydi otaxon. – Puli bor ekan-ku yoki zo‘r kelgandan keyin topib berdimi? Nima bo‘lganda ham ayrim rahbarlar oddiygina masalalarda aholi viloyat hokimiga yoki yuqoriga murojaat qilishini kutib o‘tirishi shart emas, deb o‘ylmayman. Aslida har bir mutasaddi o‘z ishini vijdonan bajarsa, qonun-qoidaga amal qilsa, idorama-idora shikoyat qilib yurishga hojat qolmasdi.    

Viloyat hokimi E.Turdimovning navbatdagi sayyor qabuli 2 iyun kuni Samarqand shahridagi “Vatanparvar” bog‘ida o‘tkazildi. Bu haqdagi xabar ikki kun oldin e’lon qilindi va qabul faqat shahar yoki shahar atrofidagi tumanlar aholisi uchun, deyilmadi. Demak, viloyatning barcha hududidan kishilar kelib, o‘z muammosini aytishi, masalalariga yechim topishi mumkin edi.

Amalda ham shunday bo‘ldi. Qabul boshlangan paytda, ertalab soat 8:00 dayoq ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar 200 nafardan ortiq edi. Keyin soat 9:00 da ularning soni 450, soat 11:00 da 800 nafardan oshdi. Shu paytgacha bunday sayyor qabullarda hech qachon murojaatchilar 800 nafarga yetmagan edi. Xullas, qariyb sakkiz soat davom etgan sayyor qabulda 1023 ta murojaat qayd etildi. Eng ko‘p murojaat Samarqand shahridan (430 ta) tushdi. Past Darg‘om (169 ta) va Samarqand (115 ta) tumanlaridan kelgan fuqarolar ham ko‘pchilikni tashkil etdi.

Buni kimdir aholining murojaatlari ko‘payib ketgani bilan izohladi, yana birov joylardagi rahbarlarning fuqarolar murojaatlariga e’tiborsizligiga yo‘ydi. Ayrim kishilarning boqimandalik qilib, faqat davlatdan, hokimiyatdan yordam so‘rashga odatlanib qolgani ham murojaatchilar soni oshib borayotganiga sabablardan biri sifatida aytildi.

Bu fikrlarning barchasida ham jon borligi qabul davomida ayon bo‘ldi.  Qabulda E.Turdimov bilan birga viloyatning qolgan uch sektor rahbari – viloyat prokurori, IIB va davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, viloyat Xalq qabulxonasi mudiri ham aholi murojaatlarini eshitdi. Qolaversa, shu yerda bo‘lgan viloyat boshqarma va idoralar, tashkilotlar rahbarlari, aholi murojaatlari bilan ishlashga mas’ullar ham odamlarni tinglashga, muammosiga yechim topishga kelgandi. Ammo har bir murojaatchi dardini viloyat hokimiga aytishni istardi.

– Qabulga kelib, ro‘yxatdan o‘tdingizmi, qaysi sektor rahbariga yoki boshqa mas’ullarga aytishingizdan qat’i nazar, siz ko‘targan masala va uning yechimi viloyat hokimligining nazoratiga olinadi, – dedi E.Turdimov mazkur holatga munosabat bildirib. – Ko‘ryapsiz, barcha jarayon videotasvirga olinmoqda, suratga tushirilyapti. Bu hech bir masala, hech bir murojaatchi e’tibordan chetda qolmasligidan dalolat. Aholining qonuniy talab va istaklarini albatta, bajaramiz va barchamiz bunga mas’ulmiz.

Lekin qabulda turli xil holatlar qayd etildi. Umummanfaatidan kelib chiqib aytilgan murojaatlar bilan birga, shaxsiy masalalar, jumladan, uy-joy, yer olish yoki xonadonini ta’mirlash bo‘yicha ham murojaatlar ko‘p bo‘ldi. Bunday toifadagi kishilarga uy-joy uchun davlat tomonidan subsidiya berilayotgani, yer maydonlari faqat auksion savdosiga chiqarilishi, moddiy yordam ajratish elektron platforma orqali amalga oshirilishi tushuntirildi. Ayrim kishilar esa hech ikkilanmay kreditni to‘lashda hokimlikdan, davlatdan yordam so‘radi. Bunday fuqarolarga ishlash, mehnat qilib, hayotini farovon qilishi tushuntirildi. Endi o‘zingiz o‘ylang, agar o‘sha fuqarolarga joylarda sektor xodimlari, mutasaddi idoralar vakillari, mahalla oqsoqoli yotig‘i bilan masalani tushuntirsa bo‘larmidi?

Tibbiy xizmat yuzasidan murojaat qilgan fuqarolarning aksariyatining masalasi shu yerning o‘zida hal etildi. Ularning salomatligini tiklash, murakkab jarrohlik amaliyotini bajarish uchun viloyatimizdagi ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlar mas’ul etib belgilandi. Zaruratga qarab, buning uchun mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilishi ham aytildi. Biroq ayrim shaxslarning yurtimizda imkoniyat bo‘la turib, xorijda davolanishi uchun davlatdan pul so‘rashiga rad javob berildi.

– O‘zbekistonda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish mumkin bo‘lgan holatda ushbu operatsiyani xorijda o‘tkazish uchun moddiy yordam ko‘rsatmaymiz. Marhamat, o‘zimizda operatsiya qildirishga imkon qadar yordam beramiz, - dedi E.Turdimov.

Qabul davomida yana bir toifa kishilarning shaxsiy manfaat ilinjida o‘zini har ko‘yga solib, barchaning e’tiborini o‘ziga qaratishga intilishi, rol o‘ynashi ko‘pchilikning ta’bini xira qildi. Albatta, bunday toifadagi kishilarga qonun talablari tushuntirildi.

Xullas, qabulga kelgan har bir murojaatchi eshitildi. Muammolarni hal etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi, imkonsiz masalalarga rad javobi berildi. Sayyor qabuldagi murojaatlarning ijrosi tez kunda muhokama etilishi belgilandi.

  G‘.Hasanov.