Erkinjon Turdimov Samarqand shahrida nega 4 soat piyoda qolib ketdi?

Viloyat hokimi bugun shahardagi qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi

Bugun tongda Samarqandda biroz yomg‘ir yog‘di, bu bir qatorda hududlarda dilni xira qiladigan holatlarni ham ko‘rsatib berdi.

Viloyat hokimi yog‘in-sochinli kunlarda shahar ko‘chalarida haydovchilar va piyodalar uchun qanday noqulayliklar yuzaga kelganini ko‘zdan kechirish maqsadida ish kunini Ro‘dakiy ko‘chasida mas’ullar bilan piyoda yurib boshladi.

Dastlab e’tirozlar mazkur ko‘chada yashil maydonlarni tashkil etish, manzarali daraxt va gullarni ekishni shartnomaviy majburiyati sifatida zimmasiga olgan “Bahor gullari” korxonasi mas’ullariga bildirildi. Ular shu ko‘cha atrofida gul va daraxt ko‘chatlari o‘tqazamiz, maysazorlar tashkil etamiz, deb va’da bergan, shartnoma imzolaganu haligacha ish sifatli qilib yakuniga yetkazilmagan.

Ko‘chadagi tashqi reklama vositalari ham tartibsiz, xorijiy tillarda yozilgan. Vaholanki, ular reklama va peshlavhalarni o‘rnatishda "Davlat tili haqida"gi Qonunga rioya etishlari shart. Aynan ushbu masala kecha o‘tkazilgan hokimlik soatida ham muhokama etilgan va bu borada mas’ullarga vazifalar topshirilgandi.

Ko‘p qavatli uylar joylashgan Abu Abdullo Ro‘dakiy mahallasi hududi ham talab darajasida obodonlashtirilmagani, yo‘llarning holati, yangi qurilishlar va ularda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
– Hamma islohot, yangilik, o‘zgarish quyidan boshlanishi kerak. Odamlar o‘z oilasi, mahallasi misolida mamlakatdagi o‘zgarishlarni his qilishi lozim, – dedi E.Turdimov. – Prezidentimiz nima uchun rahbarlar mahallabay ishlasin, uyma-uy yursin, deyapti, maqsad – odamlar hayoti bilan yaqindan tanishish, ularning muammo va dardlarini yurakdan his qilish. Shahar sektor rahbarlari, mahalla raisi va o‘rinbosarlari, profilaktika inspektori ham doim aholi orasida bo‘lishi zarur. Mahallada, xonadonlarda nima muammo bor, oilalar qanday yashayapti – mahalla fuqarolar yig‘ini besh qo‘lday bilishi kerak va bu muammolarni yechish uchun rahbarlar oldiga vazifa qo‘ya olishi lozim.

Mazkur hududda “Marjona gold fox” jamiyatiga birinchi qavatda mahalla markazi uchun joy ajratib berish sharti bilan ko‘p qavatli uy-joy qurishga ruxsat berilganligi, bugungi kunga kelib esa quruvchi o‘z majburiyatini bajarmayotgani, qolaversa, qurilishga yaroqsiz mahsulotlar bilan bolalar maydonchasi hududidan mahalla uchun bino qurilayotganligini viloyat hokimi tanqid ostiga oldi. Ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish asnosida bolalar maydonchalarini ta’mirlash, hududlarda manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekish, avtomobillar saqlanadigan joylarda esa asfalt qoplamasi yotqizilishiga ko‘rsatmalar berildi.

Viloyat hokimi “Oltin asr” mahallasi hududida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha ham vazifalarni belgilab berdi. Ro‘dakiy ko‘chasidagi piyodalar yo‘laklarining bir xil ko‘rinish kasb etishi kerakligi, barcha reklama, e’lonlar va boshqa peshlavhalar to‘g‘ri yuritilishini nazoratga olish zarurligi ta’kidlandi.
Siyobcha suv kollektori atrofini tartibga keltirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Shuningdek, "Hayotobod", "Turon", "Sevali ota", "Istiqbol" mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va profilaktika inspektorlariga ham ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish borasida aniq vazifalar topshirildi.

Shu tarzda soat 7.30 da 12.00 ga qadar Beruniy va Rudakiy ko‘chalari chorrahasidan Rudakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari chorrahasigacha hamda uning atrofidagi mahallalar bo‘ylab piyoda yurish davomida qayd etilgan kamchiliklarni tuzatish, belgilangan vazifalarning bajarilishi bir haftadan so‘ng yana ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.