Turdimovning topshirig‘i qay darajada bajarildi?
Yaqinda viloyat hokimi E.Turdimov Samarqand shahridagi muammosi ko‘p bo‘lgan mahallalarda bo‘lib, joylardagi obodonlashtirish ishlari, ko‘p qavatli uylardagi ahvol, noqonuniy qurilayotgan uylar va uy-joy mulkdorlar shirkatlari faoliyati bilan tanishib, mutasaddilarga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bir hafta ichida bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Zarnews.uz muxbirlari viloyat hokimi yurgan mahallalarda bo‘lib, berilgan topshiriqlar qay darajada bajarilayotgani bilan tanishdi.
***
Biz dastlab Samarqand shahridagi "O‘rikzor" mahallasida bo‘ldik.
Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi ariqlar chiqindilardan tozalangan, ayrim tadbirkorlar tomonidan binolardagi reklama va yozuvlar davlat tilida yozilganligini guvohi bo‘ldik. Biroq baribir aytilgan kamchiliklar oxirigacha bajarilmagan. Ya’ni, ko‘milib ketgan ariqlar ochilmagan, borlari ham oxirigacha tozalanmagan, ayrim uddaburonlar barg-xazon va qurilish chiqindilarini oqova suv tarmoqlariga tashlab qo‘yishgan.
Ba’zi bir tadbirkorlik sub’yektlaridagi yozuvlar hanuz o‘zgartirilmagan. Ko‘chaning o‘rtasida esa ochiq qolgan kanalizatsiya quduqlarini ko‘rish mumkin.
Viloyat hokimi qayd etgan kamchiliklardan biri mahalladagi noqonuniy qurilgan deb hisoblagan ko‘p qavatli uy yonidagi maydon asfalt qilinib, chiqindilar tozalandi. “Suv ta’minot” MChJ ishchilari tomonidan ichimlik suvi quduqlari beton bilan suvalib, ustiga qopqoqlar o‘rnatilmoqda. Profilaktika inspektori yashaydigan uy ham tartibga keltirilib, obodonlashtirilgan. Biroq ko‘p qavatli uy burchagidagi temir vagon esa hanuz olib ketilmagan. 127 va 127-ko‘p qavatli uylarning oldidagi bolalar maydonchasi yonidagi o‘rindiqlar tartibga keltirilmagan.
Mahalladagi o‘zgarishlar haqida to‘liq xabardor bo‘lish uchun "O‘rikzor" mahallasi raisi Abduhoshim Abdushukurov hamda va ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi «O‘rikzor» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisini izlab topolmadik.
Xuddi shunday muammolari bo‘lgan "Beklar" va Abdulla Avloniy nomli mahallada ham aytilgan topshiriqlar qisman bajarilgan. Mahallalar hududlaridagi savdo do‘konlari va oshxonalarning nomlari, reklama pannolari hamon xorijiy tillarda yozilganicha turibdi. Ariqlar to‘liq tozalanmagan, ko‘chalarda yo‘lovchilar tashlab ketgan qog‘oz, bakalashka va shishalarini ko‘rish mumkin. Chiqindixonalarda tartib yo‘q.
Shuningdek, viloyat hokimi Samarqand shahrining Beruniy va Rudakiy ko‘chalari chorrahasidagi mahalla va ko‘chalarni ham ko‘zdan kechirgan edi.
Rudakiy ko‘chasi yoqasidagi savdo do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridagi reklama yozuvlari o‘zgartirilmagan. To‘g‘ri, chiqindixona tozalanib, 84- va 86-ko‘p qavatli uylar oldidagi kovlanib tashlangan maydon asfalt qilinibdi. Bolalar maydonchasi tartibga keltirilib, o‘rindiqlar o‘rnatilgan.
Biroq ularning yonidagi eski bolalar maydonchasi betartib ahvolda, ichimlik suv tarmoqlaridan suv sizib oqyapti. Oradan bir hafta o‘tsa-da, mahallada yashovchilar chiqindilarini yana ko‘chaga tashlab ketmoqda. Ayrim fuqarolar noqonuniy ravishda avtoulovlarini qo‘yish uchun yopiq maydonchalar tashkil etib olishgan ekan.
Shaharning Beruniy ko‘chasi 9–ko‘p qavatli uyning oldidagi bolalar maydonchasi qarovsiz ahvolga kelib qolgan. Ayrim o‘yin jihozlar ishdan chiqqan. Bir hafta ichida shu yerdan tortilgan issiqlik tarmoqlari ko‘milib, tartibga keltirilibdi.
Mahalla ro‘parasida "Temiryo‘l dehqon bozori" joylashgan bo‘lsa-da, ayrim olibsotarlar tadbirkorlik niqobi ostida mahallaga kirish joyida qo‘lbola bozorcha tashkil etib olishgan. Sut-qatiq, pista-bodom, qurut, shuningdek, meva sharbatlari sotuvchilarning qo‘llarida Samarqand shahar sanitariya-epedemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan berilgan mahsulotlarning sanitariya talablari asosida tayyorlanganligini tasdiqlovchi ma’lumotlari yo‘q.
O‘tgan yili Samarqand shahrining Rudakiy ko‘chasi ikki yoniga “Bahor gullari” MChJ tomonidan turli gul va butalar ekilgan edi. Biroq ular yaxshi unib chiqmagan hududlarda qaytadan ekilmoqda. Shuningdek, bugungi kunda shahar obodonlashtirish va viloyat avtomobil yo‘llaridan foydalanish boshqarmasining ishchilari tomonidan yo‘l yoqalarini obodonlashtirish, yo‘llarni tekislash va mahallalar aholisi tomonidan daraxt ko‘chatlari ekish ishlari davom etmoqda.
Viloyat hokimi Siyob arig‘i ahvoli bilan tanishar ekan, sayoz va chiqindilarga to‘lib qolgan suv yo‘lini tozalash, ariq yoqalarini obodonlashtirish, temir panjaralar o‘rnatish borasida mutasaddilarga topshiriq berdi.
O‘ylaymizki, bugungi kunda amalga oshirilayotgan bu kabi o‘zgarishlar Samarqand shahrini yanada shinam va obod maskanga aylanishiga xizmat qiladi.
Dilmurod To‘xtayev,
Xusan Eltoyev,
Baxtiyor Mustanov
“Zarnews.uz” uchun maxsus.