Viloyat hokimi xorijlik investorlarni qo‘lladi
Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasida navbatdagi investitsiya kuni tadbiri o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi E.Turdimov tadbirkorlar muammosini o‘rgandi.
Tadbir avvalida afg‘onistonlik tadbirkor, “Tat cola” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Najmoddin Xaji Shir Ahmad meva-sabzavotlardan sharbat ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun Samarqand shahar hududidan bo‘sh turgan bino, Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi “Nice Partners” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi S.Azimxo‘jayev o‘z mablag‘i hisobidan 9 milliard so‘mlik savdo markazi tashkil etish uchun yer maydoni ajratishda amaliy ko‘mak so‘radi. Farhod shaharchasida joylashgan “Sam suniy Deri” O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasi rahbari Aziz Dozgun korxonada elektr energiyasi va gaz ta’minotida ko‘p uzilishlar bo‘layotganligi bois moliyaviy zarar ko‘rayotganligini bildirdi.
Qabulda viloyat hokimi har bir taklifni o‘rganib chiqib, investorlarga tegishli tavsiyalar va mas’ul xodimlarga loyihalarni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
- Samarqand tumani “Motrit agrotexservis” hududidan 1,5 million AQSh dollarlik trikotaj mahsulotlari, ichimlik suvi ishlab chiqarish va qadoqlash sexi tashkil etish loyihasini amalga oshirmoqchimiz, - deydi Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Sh.Muhammadiyev. - Buning uchun qurilishga ruxsat berilmay kelinayotgan edi. Hokim mazkur masala bo‘yicha mutasaddilarga zarur topshiriq berdi. Hademay qurilish ishlarini boshlab, yil yakunigacha faoliyatimizni boshlaymiz.
Baxtiyor MUSTANOV.