Viloyat rahbari arxeolog olimlar bilan uchrashdi

Arxeologiya institutida Samarqand tarixi, madaniyati, me’moriy va arxeologik yodgorliklarini o‘rganish bo‘yicha viloyat hokimligi huzuridagi jamoatchilik Kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Xabaringiz bor, joriy yilning fevral oyida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ziyolilar va tarixchi-olimlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Samarqand tarixini o‘rganish, Amir Temur saroyining joylashish o‘rnini kompleks tadqiq qilish, tarixiy obyektlarni ilmiy o‘rganish va restavratsiya qilish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab bergan edi.

Viloyat rahbari, institut olimlari, taniqli arxeologlar ishtirok etgan yig‘ilishda ana shu vazifalar ijrosi haqida so‘z yuritildi.

- 2007 yilda Samarqandning 2750 yilligini nishonlagandik, - deydi SamDU dotsenti Mahmud Nasrullayev. - Keyingi yillarda arxeolog olimlarimiz tomonidan olib borilayotgan qazishma ishlari natijasida ko‘hna kent 3 ming yildan ziyodroq tarixga ega ekanligi ma’lum bo‘lmoqda. Bugungi tadbirda ustozimiz, arxeolog olim Muhammadjon Isomiddinov bergan ilmiy ma’lumotida shahardan 30 kilometr narida joylashgan Ko‘ktepa yodgorligida olib borilgan qazishma ishlari natijasida o‘sha yerdagi madaniy qatlam, shaharning shakllanish jarayoni eramizdan avvalgi XIV asrga borib taqalishi asoslangan.

Yig‘ilishda Ko‘ksaroy maydoni, Ko‘ktepa va Afrosiyob yodgorliklarida amalga oshirilayotgan qazishma ishlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Dilnoza Ahmadova.