“Volvo” haydovchisining boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida o‘zi va yo‘l chetida ketayotgan 2 nafar qizaloq hayotdan ko‘z yumdi
2020 yilning 28 sentyabr kuni soat 17:20 larda Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi, 28 yoshli haydovchi Sh.L. boshqaruvidagi «Volvo» rusumli (Qirg‘iziston Respublikasiga tegishli) yuk avtomashinasida YTH sodir etdi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u Buloqboshi tumani Sanoat mahallasi, Gastrol ko‘chasidan o‘tgan «Buloqbosh-Andijon» avtomashina qatnov yo‘lining «Buloqboshi» yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan vaqtida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketib, yo‘lning chetida harakatlanib kelayotgan piyodalar - 10 yoshli B.A. va 3 yoshli K.N.ni bosib o‘tib, shu yerdagi xonadonlarning biriga borib urilgan. YTH natijasida piyodalar B.A. va Q.N. hamda haydovchi Sh.L.lar vafot etishgan.
Mazkur holat yuzasidan Buloqboshi tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi kelgusi tergov harakatlarini o‘tkazish uchun Andijon viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi ish yurituviga o‘tkazilgan.