Xalq deputatlari viloyat Kengashining 100-sessiyasi: Unda qanday masalalar ko‘riladi?

Viloyat hokimi E.Turdimov bugun, 21 iyun kuni "Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi oltinchi chaqiriq, yuzinchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida" qaror qabul qildi. 

Unga ko‘ra, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi 100-sessiyasi 2024 yil 28 iyun kuni chaqiriladi.

Sessiya kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilgan:

— O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2023 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti yuzasidan viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayevning axboroti; 

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 fevraldagi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonining viloyatdagi ijrosi bo‘yicha viloyat hokimining o‘rinbosari X.To‘xtayev hisoboti; 

— «O‘zbekiston – 2030» strategiyasining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Eshonqulovning hisoboti; 

— viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyevning «Viloyatda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanadigan yoshlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida» hisoboti; 

— yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) to‘g‘risida; 

— jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish to‘g‘risida; 

— Samarqand tumanida kichik sanoat zonasi tashkil etish to‘g‘risida; 

— Jomboy tumani «Juriyat» kichik sanoat zonasi negizida oziq-ovqat sanoati texnoparki tashkil etish to‘g‘risida; 

— issiqlik bilan ta’minlovchi korxonalar tomonidan Samarqand shahri va Nurobod tumanidagi aholiga ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar (tariflar) miqdorini ma’qullash to‘g‘risida; 

— xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari va kotibiyati xodimlarining xorijiy mamlakatlarga chiqishi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish to‘g‘risida; 

— viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida; 

— viloyatda 2025 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dastlabki manzilli ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida; 

— Samarqand viloyatida 2024 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturini qayta ko‘rib chiqilgan oyma-oy maqsadli ko‘rsatkichlarini tasdiqlash to‘g‘risida; 

— viloyat hokimining ayrim qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risida.