Xarid cheki olishni unutmadingizmi?

Barchamiz xaridormiz. Ammo savdo jarayonida ko‘pchilik e’tibor bermaydigan, ammo muhim bo‘lgan bir shart aksariyat hollarda esdan chiqadi yoki umuman e’tiborga olinmaydi. Bu xarid qilingan mahsulot uchun nazorat-kassa mashinasi chekini olish.

Shundan kelib chiqib, viloyat soliq boshqarmasi tomonidan “Xarid cheki olishni unutmang!” targ‘ibot aksiyasi o‘tkazildi.

Tadbirda soliq xodimlari, yoshlar va mahalla faollaridan iborat targ‘ibot guruhlari xarid cheki talab qilib olishning ahamiyati va xarid cheki berilmasa tadbirkorga nisbatan qo‘llaniladigan choralar to‘g‘risidagi targ‘ibot materiallarni tarqatdi.

- Dastlab barcha targ‘ibot guruhi a’zolarini bir joyga jamladik. - deydi boshqarma axborot xizmati rahbari Davron Ravshanov. – Aksiyaning asosiy maqsadi haqida tushuntirish berdik. Targ‘ibot materiallarini faqat fuqarolarning qo‘liga berib ketmasdan, to‘liq ma’lumot berish lozimligi tushuntirildi. Soliq organlari tomonidan olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlariga qaramay, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida sotilgan tovar uchun chek bermaslik holatlari yuzasidan murojaatlar kelmoqda. Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, joriy yilning 4 oyi davomida fuqarolar tomonidan chek bermaslik holatlari yuzasidan 1300 tadan ortiq murojaat yuborilgan.

Targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha hududida o‘tkaziladi.