Xarid chekida qanday ma’lumotlar aks ettiriladi?

Har bir inson kundalik turmush tarzida do‘kon va savdo majmualaridan mahsulot xarid qiladi, turli xizmatlardan foydalanadi. Lekin mazkur jarayonda barcha birdek nazorat-kassa mashinasi chekini olish masalasiga jiddiy qaramaydi. Shu o‘rinda jiddiy savol tug‘iladi: xarid chekini olish yoxud olmaslikning ahamiyati qanday?

Xarid chekini olish iste’molchining huquq va manfaatlarini ta’minlash, xufiyona iqtisodiyotning oldini olishga zamin yaratadi. Binobarin, xarid chekini olish orqali naqd pulning bank orqali aylanishini ta’minlaydi. Demak, naqd pulning bankdan tashqari noqonuniy aylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Xarid cheki soliqlardan bo‘yin tovlash holatlarini qisqartirishda muhim o‘rin tutishi bilan ham ahamiyatli.

Xo‘sh, nazorat-kassa mashinasi chekida qanday ma’lumotlar aks ettirilishi lozim? O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 17 noyabrdagi “Fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarining qo‘llanishini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan NKM cheklarida aks ettirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar belgilangan. Sotib olingan tovarlar (bajarilgan ishlar) va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun xaridorlarga beriladigan kassa cheklarida soliq to‘lovchining — xo‘jalik yurituvchi sub’yektning nomi va identifikatsiya raqami, to‘lov summasi, tovarlar va xizmatlar nomi, to‘lov sanasi va vaqti, nazorat-kassa mashinasining zavod raqami, chekning tartib raqami hamda fiskal rejim belgisi bo‘lishi lozim. Shuningdek, kassa cheklarida boshqa rekvizitlar ham bo‘lishi mumkinligini ta’kidlash lozim.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.