“Xayrli kun” dasturining boshlovchisi muxlislari bilan uchrashdi

Ommaviy axborot vositalari ichida radio o‘z tinglovchilarini jalb etish uchun unda sohir ovoz sohiblari mehnat qilishi va xalqning orzu-umidlariga hamohang radioeshittirishlar tayyorlashi kerak. Shunday jurnalistlardan biri maftunkor ovoz sohibi Hulkar Nurmatovadir. U 25 yildan buyon radioettirishlari orqali xalqning qalbidan joy olib kelmoqda. Buning isbotini jurnalist o‘z muxlislari bilan tashkil etgan ijodiy uchrashuvda guvohi bo‘ldik.

- Samarqand radiokanalida har kuni uch soat jonli efir dasturi uzatiladi, - dedi viloyat teleradiokompaniyasi direktori Mirzo Ixtiyorov. – Hulkar Nurmatova radioda katta muharrir sifatida faoliyat yuritadi va “Xayrli kun” dasturini jonli efirda olib boradi. Uning yoqimli ovozi radio ixlosmandlariga xush yoqishini bugungi uchrashuvga kelgan muxlislardan ham bilsak bo‘ladi.

Uchrashuvda muxlislarning iliq so‘zlari tinglandi.

- Biz yetti nafar opa-singilmiz, - deydi Past Darg‘om tumani Beklar mahallasida istiqomat qiluvchi Maftuna Irisova. – Opa-singillar Samarqand radiosidagi “Xayrli kun” dasturini sevib tinglaymiz. Ushbu dastur bir muddat negadir yopildi. Biz muxlislar viloyat teleradiokompaniyasiga kelib, sevimli dasturimizni qayta tiklashni iltimos qildik. Shundan so‘ng, yana dastur o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu dastur orqali Hulkar opani yaqindan taniymiz, uning shirali ovozini yaxshi ko‘ramiz. Nafaqat ovozi, balki mehr-muhabbati, samimiyligi bilan ham muxlislarga yoqadi. Hatto radio orqali do‘stlar ham orttirdik.

Ijodiy uchrashuvda Hulkar Nurmatovaning muxlislari o‘z hayotiy voqealari bilan o‘rtoqlashdi. Kimdir radio orqali turmush qurgan bo‘lsa, kimdir arazlashgan jufti bilan yarashibdi. Qurilishda ishlaydigan to‘rt nafar yigit tadbirga ikki soatga ruxsat so‘rab kelganini aytdi. Ko‘zi ojizlar jamiyati a’zosi, payariqlik Gulzoda opa radio boshlovchilarni qalb ko‘zi bilan ko‘rishini, “Xayrli kun” dasturini doimiy tinglashini bildirdi.

Samimiy ruhda uyushtirilgan tadbir ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Muxlislar tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Faol muxlislarga esdalik sovg‘alari berildi.

Xurshida ERNAZAROVA.