Xodimlarning korrupsiyaning oldini olish borasidagi bilimlari qanday?

Samarqand shahrida viloyat prokuraturasi hamda Samarqand davlat universiteti hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat tizimini boshqarish bo‘yicha uch kunlik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Viloyat darajasidagi 74 ta idora va tashkilotdan ming nafardan ortiq xodim jalb qilingan o‘quvda mutaxassislar tomonidan korrupsiya tushunchasi, uning kelib chiqish sabab va oqibatlari, unga qarshi kurashish tizimini yanada rivojlantirish borasida bajarilishi zarar bo‘lgan ishlar xususida tushuncha berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va hududiy kengashlarning asosiy vazifalariga to‘xtalib o‘tildi.
– O‘quv mashg‘ulotlar ikki bosqichda olib borildi, - deydi viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori Ilyos Xolmatov. – Birinchi bosqichda shahar va tumanlarda faoliyat ko‘rsatayotgan idora va tashkilotlar xodimlari qatnashdi. Mashg‘ulotlarda berilgan mavzularni yanada keng tarqatish maqsadida Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlikda o‘quv qo‘llanma ishlab chiqyapmiz. Bu, albatta, nafaqat ishchi xodimlar hushyorligini oshirishga, balki aholini ham aholini ham korrupsion holatlarga aralashuvini oldini olishga xizmat qiladi.
O‘quv kurslariga viloyatdagi oliy ta’lim muassasalaridan 30 nafarga yaqin siyosatshunos, huquqshunos, filolog va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha malakali professor-o‘qituvchilar qatnashdi.
Mashg‘ulotlar yakunida tinglovchilardan test sinovlari olinib, har bir idora xodimining korrupsiyaga oid qonunlarni bilish darajasiga baho berildi.
Husan ELTOYeV.