Xo‘ja Ismoil shaharchasining me’moriy qiyofasi va aholi yashash uchun sharoitlar tubdan o‘zgaradi
Vazirlar Mahkamasi 2024 yil 20 sentyabrda «Samarqand viloyati Payariq tumani Xo‘ja Ismoil shaharchasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qaror qabul qildi.
Qarorga muvofiq, ushbu shaharchaning arxitektura va me’moriy qiyofasi hamda muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasini yanada yaxshilash, shuningdek, ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va obodonlashtirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, Xo‘ja Ismoil shaharchasini kompleks rivojlantirish, jumladan, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash va ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish va atrofini obodonlashtirish bo‘yicha dastlabki loyiha konsepsiyasi ishlab chiqilib, shaharchaning bosh rejasi tasdiqlangan.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida 2024-2025 yillarda majmuani aylanib o‘tuvchi 4K505 avtomobil yo‘lining 5,5-7 kilometr qismini rekonstruksiya qilish, Pong va Xo‘ja Ismoil qishloqlarini bog‘lovchi uzunligi 2,2 kilometr masofada yo‘l qurilishi hamda 2 ta yangi ko‘prik qurish rejalashtirilgan.
Elektr energiyasini yaxshilash maqsadida Xartang, Pong, Bo‘yrachi, Yangihayot, No‘g‘oy ota qishloqlarida 2 ta yangi transformator punktlarini o‘rnatish, eski simyog‘ochlarni yangilash hamda 19,2 kilometr uzunlikdagi elektr tarmoqlarini tortish, shaharcha aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida Xartang, Pong, Bo‘yrachi va Yangihayot qishloqlaridagi xonadonlarga umumiy uzunligi 14 kilometr bo‘lgan turli xil hajmdagi gaz quvurlarni tortish belgilangan.
Shuningdek, shaharcha hududidagi qishloqlar aholisini toza ichimlik suvi hamda oqava suv tarmoqlari bilan ta’minlash maqsadida 5 ta inshoot va 70,9 kilometr tarmoq qurish. telekommunikatsiya tarmoqlarini yanada yaxshilash maqsadida xonadonlarga hamda unga tutash hududlarga uzunligi 4,7 kilometr bo‘lgan aloqa tarmog‘i tortiladi.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil oxirigacha Xo‘ja Ismoil shaharchasi hududidagi 30-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotini mukammal ta’mirlash va qo‘shimcha 25 o‘rinli bino, 200 o‘rinli madaniyat markazi, yangi mahalla markazi binosini qurish ham belgilangan.
Bundan tashqari, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hududida 2 ta yangi zamonaviy avtoturargoh hamda yodgorlik majmuasi uchun yordamchi va qo‘shimcha binolar barpo etiladi.