Xorijdan hosildor uzum navlari keltiriladi

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkiloti bosh direktori Pablo Roko Blasko boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari B.Nurullayev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatda uzumchilik va vinochilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yangi tokzorlarni tashkil qilish, yuqori hosil olish va mahsulotni qayta ishlash, xorijdan yangi uzum navlarini keltirish masalalari muhokama qilindi. 2021 yilda Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkiloti Bosh assambleyasi yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.

Mehmonlar Samarqand shahridagi Xovrenko nomli «Samarqand vino kombinati» aksiyadorlik jamiyati, Tayloq tumanidagi “Bog‘izog‘on” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, shahardagi Ulug‘bek rasadxonasi, Amir Temur maqbarasi va Registon majmuasini tomosha qildi.

Baxtiyor MUSTANOV.