Xorijga chiqish pasporti Toyloqda ham beriladi

Joriy yilning 1 yanvaridan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini (OVIR) rasmiylashtirish tartib-tamoyili bekor qilindi. Endi xorijga chiqishni niyat qilgan fuqarolarga biometrik pasport berish (xorijga chiqish pasporti) tizimi joriy etildi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, boshqarma binosida xorijga chiqish bo‘yicha biometrik pasport berish uchun kuniga 300−400 nafar fuqaroni qabul qilish imkoniyatiga ega uchta uskuna o‘rnatilgan. Joriy yilning 7 yanvaridan buyon boshqarmaga 5559 nafar fuqarodan xorijga chiqish pasporti olish uchun ariza kelib tushgan. Ayni paytgacha 556 ta pasportlar tayyorlanib, o‘z egalariga tarqatilmoqda.

- Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida barcha sharoitlarni yaratganmiz, - deydi boshqarma katta inspektori, kapitan J.Xudoyorov. – Pasport oluvchilarda noto‘g‘ri fikrlar uyg‘onmasligi uchun uchta uskuna binomizning eng yirik zaliga o‘rnatganmiz. Bunda fuqarolar rasmiylashtirish jarayonlarini ko‘rib, kuzatib turishadi. Ayni kunlarda pasport olishga bo‘lgan talabgorlarning nihoyatda ko‘pligi bois fuqarolarning navbatda turib qolayotgani ham haqiqat. Buni inobatga olib, Toyloq tumanida ham bitta uskuna o‘rnatib, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtiruvchi punkt tashkil etildi. 31 yanvardan boshlab ushbu punkt imkoniyatlaridan Toyloq, Urgut va Samarqand tumanlari aholisi foydalanishi mumkin. Yilning ikkinchi yarmidan e’tiboran barcha tuman va shaharlardagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida bittadan shunday uskunalarni o‘rnatish rejalashtirilgan.

Darhaqiqat, fuqarolar juda gavjum bo‘lsa-da, boshqarma ma’muriyatiga kirish eshiklarining ochiqligi e’tiborimizni tortdi. Ilgari bu muassasa mutasaddilari oldiga biror bir masala yuzasidan murojaat qilib kirishning o‘zi amri mahol edi. Kirganingizda ham ming bir so‘rov yoki tekshir-tekshirlardan o‘tibgina arzi hol qilishingiz mumkin edi.

- Turmush o‘rtog‘im bilan Umra ziyoratiga borishni niyat qilgandik, - deydi urgutlik O.Hazratqulov. – Odamlardan har xil gaplarni eshitib, uzundan uzun navbatda turishga ham tayyor holda yo‘lga chiqqandik. Lekin noto‘g‘ri o‘ylagan ekanmiz, biz kabi keksalar, nogironlar, yosh bolali ayollarni navbatsiz qabul qilish tizimi joriy etilgan ekan. Hozirgina hujjatlarimni rasmiylashtirishdi. Xudo xohlasa, 10 ish kunida pasportni olishimizni aytishdi.

- Singapurning Kingston xalqaro maktabiga o‘qishga qabul qilingandim, - deydi Samarqand tumani Andijoni mahallasida yashovchi J.Hotamov. – Joriy yilning 4 martigacha mazkur maktabning chakana savdo operatsiyalari bo‘yicha o‘quv dasturini o‘tashga borishim kerak. Bundan o‘n kun avval xorijga chiqish pasportini olishga ariza bilan murojaat qildim. Punkt xodimlari qo‘limga navbatga yozilganim haqida jeton tutqazib, bugun kelishimni aytishgandi. Hozircha biron muammo yoki e’tiroz bildiradigan vaziyatga duch kelmadim.

Abdug‘ofur SHERXOLOV.

Baxtiyor MUSTANOV (foto).