Dunyo fuqarosi pasporti: Eng noyob, eng nufuzli, eng qimmat, eng ishonchli...
Ba’zi mamlakatlarda aholining yarmidan ko‘pi pasportga ega emas, shunday bo‘lsa-da, bu ularning uzoq masofalarga sayohat qilishiga to‘sqinlik qilmaydi. Har bir davlatning pasport olish va undan foydalanish bo‘yicha o‘ziga xos qoidalari bor.
ADME inson o‘z hayotida eng ko‘p foydalanadigan hujjatlardan biri haqida ba’zilari kulgili, boshqalari hayratlanarli ko‘rinadigan qiziqarli ma’lumotlarni topdi.
Eng noyob pasport – atigi 500 dona
Dunyoda eng qadimgi ritsarlik ordenlaridan biri bo‘lgan Malta ordeni pasporti eng kam uchraydigan hujjat hisoblanadi. Odatda 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladigan 500 dona nusxasi mavjud bo‘lgan pasport tashkilot diplomatik aloqalar o‘rnatgan 106 davlatda tan olinadi.
Eng nufuzli pasport BAAda
Vizasiz yoki soddalashtirilgan vizasiz rejimdagi davlatlarga tashrif buyurish huquqini beradigan pasport indeksi tushunchasi mavjud. Bu raqam qanchalik yuqori bo‘lsa, pasport shunchalik nufuzli deb hisoblanadi. 2018 yilda reytingning yetakchisi Yaponiya bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib, 10 yil avval ro‘yxatda atigi 53-o‘rinni egallagan Birlashgan Arab Amirliklari (172 ball bilan) birinchi o‘ringa chiqib oldi.
Eng qimmat pasport Avstraliyaliklarniki
Tadqiqotlarga ko‘ra, Avstraliya pasporti eng qimmat deb topilgan. Avstraliya pasportini ro‘yxatga olish xarajatlari bahosi 282 dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, yuqorida aytib o‘tilgan ta’sir reytingida u atigi 7-o‘rinni egallaydi.
Birinchi biometrik pasport Malayziyada berildi
Qog‘oz va raqamli tashuvchilar birikmasi biometrik pasportda yuz, barmoq izlari va ko‘zning rangdor pardasi orqali sayohatchilarni aniqlaydigan ma’lumotlar mavjud.
Mahalliy “IRIS Corporation” 1998 yilda bu texnologiyani joriy etganidan so‘ng Malayziya bunday turdagi pasportni ishlab chiqargan dunyodagi birinchi davlatga aylandi. Biroq Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (ICAO) amaldagi standartlariga javob beradigan hujjatlarni mamlakat faqat 2010 yilda bera boshladi.
Eng ishonchli pasport - Nikaraguada
Nikaragua pasportida maxsus shtrix-kodlar, gologrammalar va moybo‘yoqlar bo‘lgan 89 xil turli himoya elementlari mavjud. Bu pasport dunyodagi eng kam soxtalanadigan hujjat hisoblanadi.
Dunyo fuqarosining pasporti bir nechta davlatlar tomonidan tan olinadi
1 millionga yaqin odam dunyo fuqarosi pasportiga ega. U yettita - ingliz, fransuz, ispan, rus, arab, xitoy va esperanto tillarida chop etiladi va 1953 yildan buyon Qo‘shma Shtatlarda tashkil etilgan Jahon fuqarolari hukumati (WSA) notijorat tashkiloti tomonidan beriladi.
Jahon fuqaroligi konsepsiyasining mohiyati shundaki, sayyora umumiydir va insonning o‘zi qayerda bo‘lishni tanlash huquqiga ega. Rasmiy ravishda dunyo fuqarosining pasporti faqat oltita - Burkina-Faso, Ekvador, Tanzaniya, Mavritaniya, Toto va Zambiya davlatlarida tan olinadi. Biroq haqiqiy voqelik bunday pasportlarga 187 davlat o‘z muhrlarini qo‘yganini ko‘rsatdi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.