Fuqarolikni tasdiqlovchi hujjat ehtiyot qilib saqlanishi shart

Joriy yilning 10 oyi davomida birgina Samarqand shahar bo‘yicha ichki ishlar organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 8-son ichki ishlar bo‘limi, ichki migratsiya guruhiga 200 nafardan ziyod fuqarolardan biometrik, xorijga chiqish pasportlari va ID-kartalari ehtiyot qilib saqlanmaganligi oqibatida yo‘qotganligi yuzasidan murojaatlar kelib tushgan.

Murojaatlarning barchasi tegishli tartibda, ya’ni qonun doirasida o‘rganilib, fuqarolarga yangi hujjat olish tartibi haqida ma’lumot berildi. 

Tegishli huquqiy hujjatlarga ko‘ra, agar fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan fuqarolik pasportini, ID-kartasini, xorijga chiqish biometrik pasportini qasddan yaroqsizlantirgani yoki uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yganida qonunchiligimizga asosan javobgarlik belgilangan.

Asosiysi, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 223-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, pasport tizimi qoidalarini buzish, bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi - 187500 so‘mdan uch baravarigacha - 1125000 so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi, agarda fuqaro jarimani 15 kun ichida to‘lasa, 50 foiz chegirma qilinadi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, ya’ni 1875000 so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Murojaat qilgan fuqarolar yangi pasport olish uchun davlat xizmatlari markaziga yoki shahar migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin. Bu yerda ID-karta bir ish kunida, xorijga chiqish biometrik pasporti 10 ish kunida tayyor bo‘ladi va hujjatlar rasmiylashtirilib berildi.

Eslatib o‘tamiz: Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarni inobatga olgan holda, fuqarolardan o‘z pasportini (ID-kartani) ehtiyot qilib saqlashi zarurligini, yosh bolalarning qo‘liga tushib qolmasligini, ehtiyotsizlik oqibatida yaroqsiz holga kelishining oldini olish muhim ekanligini yodda tutishni so‘raymiz. Zero, bu sizning shaxsingizni, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ekanligingizni tasdiqlovchi muhim hujjatdir.

Baxtiyor O‘RUNOV,

Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB 8-son IIB IMG mutaxassisi, kapitan.