“Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichi yakunlandi

Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek nomli matematika va fizika fanlariga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda har bir tuman (shahar)dan birinchi bosqichda g‘olib deb topilgan maktab jamoalari qatnashdi. Maktab jamoalari 5 nafardan 7-9-sinf o‘quvchilardan tarkib topgan bo‘lib, tanlovda jami 80 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

O‘quvchilar to‘rtta ko‘nikma – o‘qish, tinglab tushunish, yozish, leksik-grammatik bilimlar asosida, jami 100 ballik tizimdagi topshiriqlarni bajardi.

Tanlov topshiriqlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tomonidan tuzildi. Hakamlar hay’ati Samarqand davlat chet tillar instituti, akademik litsey hamda ixtisoslashgan maktablarning tajribali ingliz tili o‘qituvchilaridan tanlab olindi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, 1-o‘rin Samarqand tumanidagi 10-IDUM, 2-o‘rin Samarqand shahridagi 45-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 3-o‘rin esa Ishtixon tumanidagi 1-IDUM jamoasiga nasib etdi.

Tanlovda birinchi o‘rinni egallagan maktab jamoasi 250 mln. so‘m,  ikkinchi o‘rin 200 mln. so‘m, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan maktab jamoasi esa 150 mln. so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, g‘oliblarga vaucher, diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Eslatib o‘tamiz: ushbu tanlovda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan maktab jamoasi respublika bosqichida qatnashadi.

Xurshida Ernazarova.