Xorijlik shifokorlar jarrohlik amaliyoti o‘tkazdi

Joriy yilning 19-21 fevral kunlari Samarqand davlat tibbiyot instituti tashabbusi bilan SamDTIning 2-son klinikasi (Bolalar xirurgiya markazi)da N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqotlar tibbiyot universiteti professor-olimlari - I.Babanin va V.Sharunov tomonidan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Unda katta yoshdagi erkaklar va o‘g‘il bolalarda uchraydigan urologik kasalliklar bo‘yicha 40 nafar yaqin bemorga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilib, bepul tibbiy maslahat va tavsiyalar berildi, 8 nafar bemorda zamonaviy maloinvaziv (endoskopik) usullarda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.

- Ko‘pchilik bemorlar e’tiborsizlik natijasida bunday kasalliklarga duchor bo‘lishadi, - deydi professor Igor Babanin. – Ammo, bu xastaliklarni oldini olish mumkin. Bu yerga kelib, o‘zimiz ham hamkasblarimiz bilan urologik kasalliklarning oldini olish borasida tajriba almashdik, ulardan ko‘p narsalarni o‘rgandik. Safarimiz jarayonida o‘nlab bemorlar hayoti uchun xavfli bo‘lgan kasallikdan forig‘ bo‘lishda yordam berganimizdan xursandmiz.

Shuningdek, xorijlik tajribali shifokorlar samarqandlik mahalliy vrachlar uchun jarrohlik mahorat darslarini ham o‘tab berishdi.

Dilmurod TO‘XTAYEV.