"Xush kelibsiz, ittifoqchilar". Bayden afg‘on qochqinlariga bir milliard berdi

AQSh prezidenti Jo Bayden afg‘on qochqinlarini joylashtirish bilan bog‘liq operatsiyalar uchun byudjetdan qariyb 1 milliard dollar ajratilishini ma’qulladi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.

Bayden tomonidan imzolangan memorandumda aytilishicha, 976,1 million dollar "Xush kelibsiz, ittifoqchilar operatsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shoshilinch ehtiyojlarni qondirish uchun" yo‘naltirilmoqda.

Hujjatda aytilishicha, operatsiya "Afg‘onistondagi mavjud vaziyatni hisobga olgan holda xavf ostida bo‘lgan odamlarni boshqa joyga ko‘chirishni" o‘z ichiga oladi.

Avgust oyining boshida Tolibon jangarilari AQSh qo‘shinlarining mamlakatdan chiqib ketishi fonida hukumat qo‘shinlari pozitsiyalariga hujum uyushtirdi va 15 avgustda Kobulga kirdilar.

Shundan so‘ng, Afg‘oniston poytaxtidagi aeroport ishi hukumat almashganidan keyin mamlakatni tark etishni istagan odamlar oqimi tufayli vujudga kelgan tartibsizliklar sababli to‘xtadi.

Havo portini nazorat qilgan amerikalik askarlar 31 avgustgacha chet elliklar va ular bilan hamkorlik qilgan Islom Respublikasi fuqarolarini ommaviy evakuatsiyasini boshlashdi.

Kuz boshida aeroportdagi vaziyat barqarorlashdi va u yerdan ilk tijoriy reyslar boshlandi.