Yangi hafta davomida ayrim hududlarga sel kelish xavfi bor
"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston hududi Eron hududidan keladigan yozgi harorat qiymatlariga xos bo‘lgan juda issiq havo ta’sirida bo‘ladi.
Ko‘pchilik viloyatlarda quruq, asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat respublikaning tog‘li hududlarida momaqaldiroq bilan yomg‘ir yog‘adi.
Kunduz kungi havo harorati +32...+35 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarida +38 darajagacha ko‘tariladi, bu o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 5-8 daraja ko‘p. Biroq bu qiymatlar ushbu kunlar uchun haroratning mutlaq maksimumidan kam. Eng iliq yillarda ushbu muddatlarda kunduzgi havo harorati +38...+40 darajagacha, janubda +40...+42 darajagacha ko‘tarilgan.
Hafta oxirida harorat +27...+30 darajagacha pasayadi, bunday holat Qozog‘iston hududlaridan salqin havo kirib kelishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
20-21 mayda respublikaning ba’zi joylarida shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. 17-20 may kunlarida respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yomg‘irlar yog‘ishi hisobiga sel xavfi bor.