Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yo‘l xaritasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakat hayotida muhim siyosiy voqea sifatida tarixga kirdi.
Ushbu Murojaatnoma Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, kelgusi taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Prezident o‘z nutqida o‘tgan yillarda amalga oshirilgan ishlarga xolis baho berib, oldinda turgan ustuvor vazifalarni aniq belgilab berdi. Asosiy e’tibor iqtisodiy barqarorlik, ijtimoiy adolat, davlat boshqaruvini takomillashtirish va inson qadrini ulug‘lash masalalariga qaratildi.
Murojaatnomada davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish masalasiga alohida urg‘u berildi. Davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va javobgarlik ustuvor bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Murojaatnomada davlat boshqaruvini isloh qilishga alohida e’tibor qaratildi. Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi, har bir amaldor o‘z faoliyati uchun javobgar bo‘lishi kerakligi qat’iy ta’kidlandi.
Ayniqsa, byurokratiyani qisqartirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, fuqarolar murojaatlariga tezkor javob berish, sud-huquq tizimida adolatni ta’minlash kabi vazifalar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi.
Aytish kerakki, keyingi yillarda sohalarni raqamlashtirish orqali inson omilining qisqarishi, shaffoflikni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, adliya tizimi to‘liq raqamlashtirilib, xizmat ko‘rsatish bir qator byurokratik bosqichlardan xalos bo‘ldi. Bu jarayonning boshqa sohalarga ham tatbiq etilishi aholining ko‘plab muammolariga yechim bo‘ladi, qolaversa, korrupsiyaning oldi olinadi.
Korrupsiyaga qarshi kurash masalasi ham Murojaatnomaning markaziy nuqtalaridan biri bo‘ldi. Prezident bu illatni mamlakat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq sifatida baholab, unga qarshi murosasiz kurash davom ettirilishini qat’iy ta’kidladi.
Prezident Murojaatnomasining eng muhim jihati inson manfaatlarini ustuvor qo‘yish g‘oyasidir. Ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, yoshlar va xotin-qizlar masalasi davlat siyosatining markazida ekani alohida qayd etildi.
Maktab va oliy ta’lim sifatini oshirish, tibbiy xizmatni takomillashtirish, aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Mahalla institutining roli yanada kuchaytirilishi esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Prezident Murojaatnomasi — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining aniq yo‘l xaritasidir. Unda belgilab berilgan vazifalar xalq farovonligini oshirish, adolatli jamiyat barpo etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan.
Bu murojaatnoma har bir fuqaroni befarq bo‘lmaslikka, Vatan ravnaqi yo‘lida fidoyi bo‘lishga undaydi. Shubhasiz, belgilangan maqsadlar amalga oshsa, O‘zbekiston yanada kuchli, barqaror va farovon davlatga aylanadi.

Inobat Boboqulova,
viloyat Kengashi deputati.