“Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!”

O‘zLiDeP viloyat kengashi tomonidan viloyat musiqali drama teatrining yozgi sahnasida shunday shior bilan targ‘ibot tadbiri uyushtirildi.

Unda tadbirkorlar, deputatlar, partiya faollar, yoshlar  va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Taniqli san’atkorlar jalb qilingan mazkur aksiya doirasida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining g‘oya va maqsadlarini keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirda joriy yilda o‘tkaziladigan saylovlarga O‘zLiDeP ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotgani ta’kidlandi.

Partiyaning yangi saylovoldi dasturida belgilanayotgan asosiy g‘oya va vazifalar haqida ishtirokchilarga qisqacha ma’lumot berildi.

- “Davlat ham, islohotlar ham, avvalo, insonga xizmat qilishi kerak”, degan g‘oya bilan siyosiy sahnaga chiqishga tayyorgarlik ko‘rayapmiz, - deydi partiya viloyat kengashi raisi Sherali Yuldashev. - Biz yangi 5 yillikda tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish tarafdorimiz. Mamlakatimiz rahbari xalqimizni bugun yaxshi yashashga erishishini vazifa qilib qo‘yar ekan, uni tadbirkorlik rivoji bilan bog‘layotganlari bejiz emas, zero, qachonki, tadbirkor boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi.

Targ‘ibot tadbirida taniqli tadbirkorlar va ziyolilar so‘zga chiqib, O‘zLiDePning amaliy ishlar partiyasi ekanini e’tirof etdi. Har qanday rasmiyatchilikdan xoli tarzda ochiq maydonda o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri Samarqand shahri kuni bayramiga ulanib ketdi.

Tadbirda mashhur estrada xonandalarining chiqishlari ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.

O‘zLiDeP viloyat kengashi matbuot xizmati.