Yangi soliq siyosati konsepsiyasi va soliq ma’muriyatchiligida yangi tizim
Amaldagi soliq ma’muriyatchiligida noaniqlik va murakkabliklar ko‘pligini ta’kidlash lozim. Bu esa raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga, investitsiya kiritish hajmini oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, soliq yukining yuqoriligi soliq to‘lashda insoflilik tamoyiliga rioya etmaslikka, soliqlardan qochishga olib kelgani ham sir emas.
Yangi soliq siyosati konsepsiyasi bilan soliq ma’muriyatchiligida yangi tizim paydo bo‘lmoqda.
2019 yildan boshlab soliq turlari 19 tadan 15 taga qisqaradi, soliq stavkalarida o‘zgarishlar yuz bermoqda.
Bularning barchasi investorlarning ishonch bilan sarmoya kiritishiga, sifatli va jahon standartlari talablariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishga, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga zamin yaratadi.
2019 yilning 1 yanvaridan boshlab tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshadigan korxonalar umumbelgilangan soliq to‘lash tartibiga o‘tkaziladi. Davlatimiz rahbari bu borada hududiy davlat soliq organlari bajarishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Birinchi navbatda, umumbelgilangan soliq to‘lash tartibiga o‘tayotgan korxonalarning buxgalterlarini bunga puxta tayyorlashimiz, bu boradagi tushuntirish ishlarini jadal olib borishimiz lozim. Buning uchun esa avvalo, davlat soliq xizmati organlari xodimlarining bilim va malakasi yuksak bo‘lishi kerak. Demak, oldimizdagi muhim va mas’uliyatli vazifalardan biri xodimlarning bilim va malakasini oshirishdir.
Ish haqidan olinadigan daromad solig‘i stavkasining yagona 12 foiz etib belgilanishi yurtdoshlarimizning farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu ish haqini konvert usulida to‘lashning oldini oladi. Bundan tashqari, foyda solig‘i 14 foizdan 12 foizga tushirildi. Tadbirkorlik sub’yekti daromad olsa, foyda solig‘ini to‘lashi belgilandi.
Oldimizda turgan muhim va dolzarb masalalardan yana biri soliq qarzlarini undirish samaradorligini oshirishdan iborat. Soliq qarzlarining to‘planib qolishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarga salbiy ta’sir ko‘rsatib, pirovardida bu byudjetga tushumlarning pasayishiga olib keladi. Soliq qarzlarining yig‘ilishi soha xodimlari faoliyatida kamchiliklar mavjudligidan dalolat beradi. Demak, faoliyatimizni tanqidiy tahlil qilishimiz, soliq qarzlarining to‘planishiga sabab bo‘layotgan omillarni puxta o‘rganishimiz lozim.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan soliq konsepsiyasi asosida 2019 yilda faoliyatimizda yangi sahifa ochiladi. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarishimiz davlat va jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutishini aslo unutmasligimiz zarur.
Shodiyor AHMEDOV,
viloyat davlat soliq
boshqarmasi boshlig‘i.