Yaponiyada sunami xavfi tufayli 200 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi
Bugun, 16 yanvar kuni Avstraliyadan g‘arbda, Tinch okeanida joylashgan Tonga davlatida Xunga Xaapay yerosti vulqoni otildi. Dahshatli vulqon otilishi Avstraliya, Yaponiya va AQShning g‘arbiy sohillarida sunami xavfini yuzaga keltirdi.
Vulqon otilishidan keyin sunami xavfi tufayli Yaponiyada sakkiz prefekturadagi 200 mingdan ortiq aholini evakuatsiya qilishga qaror qilindi, deb xabar bermoqda NHK.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, ogohlantirish Aomori, Chiba, Tokusima, Kochi, Ivate, Miyagi, Miyazaki va Kagosima prefekturalari aholisi uchun amal qiladi. Sohilbo‘yi hududlarida yashovchilardan evakuatsiya markazlariga kelish so‘raladi.
Kecha, 15 yanvar kuni Amami, Tokara orollari va Ivate prefekturasi qirg‘oqlarida balandligi 3 metrgacha bo‘lgan to‘lqinlar qayd etilgan.
Yaponiya universitetlariga kirish imtihonlari milliy markazi rasmiylarining aytishicha, sunami haqida ogohlantirish tegishli bo‘lgan yagona prefektura - Ivateda imtihonlar bekor qilingan.